"SOXTA SES" XODIMLARIDAN EHTIYOT BO'LING!
2026-01-12 15:15:00 / Yangiliklar

Sanepidqo‘mita hududiy boshqarmalari, shahar va tuman dezinfeksiya bo‘limlarida epidemiologik ko‘rsatmaga asosan yuqumli kasalliklar aniqlangan o‘choqlarda zararsizlantirish ishlari o‘tkazib kelinmoqda.
Bundan tashqari, hududlarda aholidan o‘zini "SES" xodimi deb tanishtirib, xonadonlar, tadbirkorlik subyektlari oshxona, kafe, xususiy klinikalar, sartoroshxona, go‘zallik salonlari va boshqa turli tashkilotlarga majburiy dezinfeksiya qilish talabini qo‘yib, pul undirib ketish holatlari bo‘yicha ko‘p murojaatlar kelib tushmoqda.
Ma'lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, Sanepidqo‘mita hududiy boshqarmalari, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari dezinfeksiya o‘tkazish va dorilarni sotish uchun uyma-uy va tadbirkorlik subyektlarida yurmaydi. Bunday xizmat aholining ixtiyoriy murojaatiga ko‘ra shartnoma asosida o‘tkaziladi. Shuningdek, Qo'mita xodimlari tomonidan yuqumli kasalliklar aniqlangan o‘choqlarda epidemiologik ko‘rsatmaga asosan dezinfeksiya ishlari o‘tkaziladi.
Yuqoridagilarni ma'lum qilish bilan birga aholiga murojaat qilar edikki, sizning ish faoliyatingiz va uyingizga o‘zini "SES" xodimi deb tanishtirib kelgan shaxslar (soxta SES xodimlari) bo‘yicha ogohlikni oshirib, ularning xizmat guvohnomasini talab qilishingizni, agar ular xususiy dezinfeksiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona xodimi bo‘lsa, korxona hujjatlari va dezinfeksiya faoliyati bilan shug‘ullanish uchun maxsus litsenziyasini talab qilib, zararsizlantirish uchun ishlatiladigan dezinfeksiya vositasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tganligi bo‘yicha hujjatlarni taqdim qilgandagina, shunda ham ixtiyoriy ravishda dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazishingiz mumkin. Yuqoridagi shaxslar tomonidan firibgarlik yo‘li bilan pul undirish holatlari kuzatilsa, hududiy uchastka noziri yoki 102 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
Sanepidqo'mita Axborot xizmati
