AYOLLARDA ONKOLOGIK KASALLIKLARNING OLDINI OLISH MAQSADIDA SITOLOGLAR O‘QITILMOQDA
2025-12-23 11:40:00 / Yangiliklar

Osiyo mintaqasida ayollarning taxminan 3,4 foizi hayotining ma’lum bir davrida VPCH-16/18 bilan zararlangan bo‘ladi. Bachadon bo‘yni invaziv saratonining 68,9 foiziga VPCHning 16, 18, 31 va 33 turlari sabab bo‘ladi.
O‘zbekistonda 15 yosh va undan katta ayollar soni 11,2 millionni tashkil etadi va ushbu ayollar bachadon bo‘yni saratoni rivojlanish xavfidan to‘liq himoyalanmagan.
Loyihaning maqsadi
VPCH sohasidagi tadqiqotlarni kengaytirish hamda O‘zbekistonda tibbiyot muassasalarining VPCH laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha salohiyatini oshirish.
Loyihaning vazifalari
- O‘zbekistonda VPCH epidemiologiyasini o‘rganishni ta’minlash;
- VPCH DNKsini aniqlash uchun zarur bo‘lgan uskunalar va materiallarni O‘zbekistonga yetkazib berish;
- Pilot hududlarda kamida 50 ming nafar ayolni VPCH bo‘yicha testdan o‘tkazish;
- Pilot hududlarda 50 ming ayolda bachadon bo‘yni oldi saraton kasalliklari va saraton holatlarida onkogen VPCH turlarining tarqalishini o‘rganish.
Kutilayotgan natijalar
- O‘zbekistonda ilk bor VPCHning tarqalish darajasi o‘rganiladi;
- Amalda sog‘lom ayollarni VPCH bo‘yicha testdan o‘tkazish uchun 3 ta laboratoriya tashkil etiladi;
- Kamida 50 ming ayol VPCH bo‘yicha testdan o‘tkaziladi;
- VPHni aniqlash, oldini olish va davolash bo‘yicha mamlakatga xos standartlar ishlab chiqiladi.
Loyihaning yakunida
- Kamida 50 ming nafar ayol VPH bo‘yicha testdan o‘tkaziladi;
- O‘zbekiston ayollari bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash va VPCH bo‘yicha testdan o‘tish zarurligi haqida xabardor bo‘ladi;
- 120 nafar tibbiyot mutaxassisi tayyorlanadi.
Ayollarda saratonni erta tashxislash sifatini ta’minlash maqsadida joriy yilda shifokor-sitologlar va shifokor-laborantlar malaka oshirdi. Unda jami 41 nafar shifokor-sitolog va shifokor-laborant ishtirok etdi.
Seminar-trening ginekologik sitologiya asoslari (PAP-test) mavzusida tashkil etildi.
Seminar-trening davomida shifokorlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirdilar:
— sitotexnologiya asoslari (sitologik surtmalarni tayyorlash va bo‘yash);
— sitologik surtmalar asosida aniq tashxis qo‘yish masalalari.
Seminar-trening jarayonida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash maqsadida sitologik surtmalarni o‘qish bo‘yicha imtihonlar hamda rasmlar asosida test sinovlari o‘tkazildi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilarga Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 144 soatlik malaka oshirish sertifikati topshirildi.
Sitologik tekshiruv (sitologiya) — ginekologiyada eng ko‘p qo‘llaniladigan tekshiruv usullaridan biri hisoblanadi. Ushbu tekshiruv bachadon bo‘yni epiteliysi holatini baholash, ginekologik kasalliklarni, jumladan bachadon bo‘yni saraton oldi holatlari va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash maqsadida qo‘llaniladi.
Sitologik tekshiruv eng arzon, oddiy va samarali skrining usullaridan biri bo‘lib, ayollarni ommaviy tekshiruvdan o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee


