Tashqi ishlar vazirligining 2025-yil may oyidagi faoliyati to‘g‘risida

Assalomu alaykum, aziz do‘stlar, hurmatli kuzatuvchilar,
May oyi O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasida haqiqiy yutuqlar va unutilmas lahzalar bilan yorqin iz qoldirdi! Xalqaro aloqalarni mustahkamlash, strategik muzokaralar va nufuzli tashriflar bilan to‘la bu oy mamlakatimizning global maydondagi muvaffaqiyatli qadamlarini yana bir bor namoyon etdi. Keling, ushbu muhim voqealarga to‘xtalib o‘tamiz.
I. O‘tgan davrda yurtimizga 30 dan ziyod yuqori darajadagi hamda xorij davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining 113 ta tashrifi amalga oshirildi.
Yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalarining 18 ta mamlakatga umumiy hisobda 37 ta tashrifi ishlab chiqilgan bo‘lsa, respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari, ularning o‘rinbosarlari darajasida 100 ga yaqin xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy ko‘mak berildi.
O‘tkazilgan barcha muzokaralar natijasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish uchun dadil va aniq takliflar shakllantirildi. Ularga asoslangan alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, qat’iy amalga oshirilmoqda!
Xorijiy hamkorlar bilan siyosiy muloqotimiz jadallashib borayotgani ham mamlakatimizning xalqaro nufuzi ortayotganini yaqqol ifodalaydi.
O‘tgan oyda O‘zbekiston TIV rahbariyati kun tartibi tig‘iz va ko‘plab muzokaralarga boy bo‘ldi. Turli davlatlarga ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar uchun tashriflar amalga oshirildi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar yig‘ilishlarida ishtirok etildi.
Jumladan, tashqi ishlar vaziri may oyida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muhim ko‘prik bo‘la olgan-Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etdi.
Joriy yilning 19-20-may kunlari Londonga xizmat safari davomida Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri va Britaniya Jamoatlar palatasi spikeri bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo, ta’lim, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro almashinuvlarni jadallashtirish hamda umumiy maqsadlarni ilgari surish uchun zarur bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish yo‘llari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolashga erishildi.
Hozirda butun dunyo bo‘ylab kelajak avlodlar farovonligi uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratish ustuvor vazifalardan biri ekanligi hech birimizga sir emas. 26-may kuni mamlakatimiz TIV rahbari BMTning bolalar jamg‘armasi (UNICEF) Ijrochi direktori Ketrin Rassell bilan uchrashdi, mintaqadagi millionlab bolalar uchun yorqin kelajak yaratishga qaratilgan muhim loyihalarni amalga oshirish yuzasidan bafurja fikr almashdi.
Shuningdek, oy davomida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Qozog‘iston, Pokiston va boshqa hamkasblari bilan telefon orqali qator muloqotlar o‘tkazdi.
Xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchilari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari bilan 10 dan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, vazir o‘rinbosarlari, maslahatchilari tomonidan 60 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
II. Endi e’tiboringizni ustuvor yo‘nalishimiz – iqtisodiy diplomatiyaga qaratamiz.
May oyida O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish va aniq loyihalarni amalga oshirish maqsadida 300 dan ortiq turli tadbirlar, jumladan mamlakatimiz hududlarida 11 ta hamda dunyoning turli shaharlarida 17 ta biznes-forumlar o‘tkazildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qator investitsiya loyihalarida ishtirok etish uchun Germaniya, Turkiya, Avstriya, Shvetsiya, Vengriya, Singapur, Ispaniya, Hindiston va boshqa xorijiy davlatlardan mutaxassislarni kelishini ta’minlashga ko‘maklashildi.
Ayni kunlarda esa, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi hamda Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisini joriy yilning 10-12-iyun kunlari yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 100 dan ortiq xorijiy OAV vakillari ushbu tadbirni keng yoritish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurmoqda.
III. Xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yo‘nalishida 17 ta hujjat kuchga kirdi va 23 ta hujjat imzolandi. Fuqarolarimiz uchun yana bir xushxabar: O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim kuchga kirdi. Endi fuqarolarimiz 30 kun mobaynida Xitoyda vizasiz qolish imkoniyatiga ega.
IV. O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash ham asosiy vazifalarimizdan.
Xususan, Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida o‘tgan oyda:
- 16 000 dan ziyod O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
- 1150 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;
- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 420 nafar fuqaromizga 22 000 AQSH dollari miqdorida yordam ko‘rsatildi;
- chetda qiyin vaziyatlarda, ya’ni odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 123 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;
- 20 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 112 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 13 450 nafar vatandosh ishtirok etdi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 12 850 ta murojaat kelib tushgan. Barchasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi va ulardan 11 708 o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi. 1 142 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborildi.
Bir oy mobaynida 11 240 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari rasmiylashtirilgan, shundan 10 467 tasi elektron tarzda berilgan.
V. Ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida faoliyatimiz to‘g‘risida hisobot berish, ularning takliflarini o‘rganishga Vazirlik alohida ahamiyat qaratida.
14-may kuni Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi yangilangan tarkibdagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, tashqi siyosat idorasining o‘tgan davrdagi faoliyatining asosiy natijalariga to‘xtalib, O‘zbekiston ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yuritib, xalqaro maydonda nufuzi tobora ortib borayotganligi qayd etildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Kengashning yangilangan Ish rejasi va Nizomi tasdiqlandi. Ushbu hujjatlar kengash faoliyatini tizimli, samarali va ochiq asosda olib borish, TIV va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Jamoatchilik kengashi Tashqi ishlar vazirligi va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini bajarishda davom etadi.
Shu bilan may oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Bizning faoliyatimiz, chet eldagi vatandoshlar hayoti, mehnat migratsiyasiga oid so‘nggi xabarlar, xalqaro maydonda mamlakatimiz haqida bildirilayotgan fikrlarni rasmiy ijtimoiy tarmoqlarimiz xususan, “Dunyo” AAning haftalik berib boriladigan Diplomatik dayjesti orqali kuzatib borishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat!
