Tashqi ishlar vazirligining 2025-yil aprel oyidagi faoliyati to‘g‘risida
Аssalomu alaykum hurmatli kuzatuvchilar,
Aprel oyi O‘zbekistonning tashqi siyosiy maydondagi faolligi bilan yodda qoldi. Xalqaro tashriflar, yuqori darajadagi uchrashuvlar, samarali muzokaralar va yirik tadbirlar ketma-ketligi mamlakatimizning mintaqaviy va global miqyosdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qildi. Bu davr mobaynida ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlar esa tashqi siyosatimizning izchil davom etayotganini yana bir bor tasdiqladi.
I. Ikki tomonlama siyosiy tadbirlarga to‘xtalsak:
O‘tgan davrda yurtimizga 46 ta yuqori darajadagi hamda xorij davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining 60 ta tashrifi amalga oshirildi.
Yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalarining 18 ta mamlakatga 32 marotaba tashrifi ishlab chiqilgan bo‘lsa, respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari, ularning o‘rinbosarlari darajasida 42 ta xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy ko‘mak berildi.
O‘tkazilgan barcha muzokaralar natijasida, O‘zbekistonning chet davlatlar bilan aloqalarini yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda tegishli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Xorijiy hamkorlar bilan siyosiy muloqotning jadallashishi esa mamlakatimiz xalqaro nufuzining ortayotganini yaqqol aks ettiradi.
Xususan, o‘tgan oy mobaynida O‘zbekiston TIV rahbari kun tartibi ko‘plab muhim muzokaralarga boy bo‘ldi. Turli davlatlarga ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar uchun tashriflar amalga oshirildi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vazirlar yig‘ilishlarida ishtirok etildi.
Jumladan, aprel oyi boshida tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning siyosiy muloqotni kengaytirish, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni chuqurlashtirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash kabi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini oshirishga qaratilgan AQSHga xizmat safari tashkil etilib, qator idora rahbarlari bilan 2 tomonlama ushrashuvlar o‘tkazildi.
16-aprel kuni Kuvayt shahrida Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlarining tobora rivojlanib borayotgan hamkorligini keyingi bosqichga olib chiqishning samarali usullari va kun tartibidagi dolzarb mavzular muhokamasi yuzasidan O‘zbekiston tashqi siyosat rahbari “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti - tashqi ishlar vazirlarining uchinchi uchrashuvida ishtirok etdi.
26-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasida Markaziy Osiyo – Xitoy formati doirasida tashqi ishlar vazirlarining VI uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Mazkur uchrashuv mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, savdo va oʻzaro bogʻliqlikni kengaytirish, umumiy chaqiriqlarga birgalikda yechim topish masalalariga qaratilgan bo‘lib, samarali va keng qamrovli muhokamalarga boy bo‘ldi.
Jumladan, O‘zbekiston TIV rahbari mamlakatimizga tashrif buyurgan bir qator xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xususan:
- Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi a’zosi va Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Szyanchao;
- O‘mon Sho‘ro kengashi Raisi Xolid bin Hilol Al-Ma’avali;
- Eron birinchi vitse-prezidenti o‘rinbosari Ali Najafi Xoshrudiy;
- Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va boshqalar bilan muloqotlar o‘tkazdi.
Aytib o‘tishimiz joizki, o‘tkazilayotgan muloqotlardagi samimiylik, konstruktiv ruh, aloqalarda yangi imkoniyatlarni kashf etish, o‘zaro manfaatli hamkorlikka intilish Yangi O‘zbekiston diplomatiyasining ajralmas qismidir.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining Аfg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Vazirlik rahbariyati tomonidan 70 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
10-aprel kuni Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqotining yuqori mansabdor shaxslari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Undan tashqari, 18-aprel kuni Moskva shahrida O‘zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama kun tartibning dolzarb mavzulari muhokama qilindi.
Shuningdek, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va “Markaziy Osiyo – Rossiya” formati doirasida ko‘p tomonlama tuzilmalar bilan hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
II. Proaktiv diplomatiyamiz xalqaro maydonda borgan sari ko‘zga ko‘rinib bormoqda. Dunyoning turli shaharlarida bo‘lib o‘tgan 26 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar. O‘zbekistonda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida 16 ta xalqaro tadbir o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Statistika Komissiyasining 2026-2029 yillarga aʼzo davlatlarini saylash jarayonida tarixida ilk marta Oʻzbekiston Respublikasi ushbu organ aʼzosi etib bir ovozdan saylanganligi mamlakatda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinganligini va mamlakatning global jarayonlardagi oʻsib borayotgan rolini koʻrsatadi.
Statistika Komissiyasiga toʻliq aʼzo boʻlish Oʻzbekiston uchun global statistik siyosatni shakllantirishda ishtirok etish, milliy tajriba va islohotlar yutuqlarini namoyish etish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi.
Yana bir yutuq – BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 29-aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni ilk bor 2026-yil 29-aprel kuni nishonlanadi. Bu sana 1966-yilda Toshkent shahrida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilaning 60 yilligi munosabati bilan belgilandi.
Aprel oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi yana bir tarixiy rezolyutsiyani qabul qildi – 2027–2036 yillarni O‘rmonzorlashtirish va O‘rmon tiklash Dekadasi deb e’lon qildi.
Bu yutuqlar O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘zining ishonchli va faol o‘rni borligini, shuningdek, mamlakatning global hamkorlikni rivojlantirish va global muammolarni hal etishda o‘sib borayotgan rolini tasdiqlaydi.
III. Shuningdek, iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishida mamlakatimiz hududida 100 dan ortiq turli tadbirlar o‘tkazildi.
Joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish va aniq loyihalarni amalga oshirish maqsadida mamlakatimiz hududlarida 8 ta hamda xorijda 19 ta, jami 27 ta biznes-forumlar tashkil etildi.
Misol tariqasida aytsak, TIV tashabbusi bilan 23-24-aprel kunlari Zomin tumanida “Xalqaro biznes forum – Jizzax 2025” o‘tkazildi va natijada $800 million ga yaqin investitsiya va savdo kelishuvlariga erishildi. Tadbirda 30 dan ortiq yetakchi hamkor davlatlardan 300 dan ziyod kompaniyalar rahbarlari ishtiroki taʼminlandi.
IV. Xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash yo‘lida 12 ta hujjat kuchga kirdi, 14 ta yangi hujjat esa imzolandi.
Tashqi siyosatimizdagi muhim yutuqlardan biri sifatida, joriy yilning 29-aprel kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi bilan Kot-d’Ivuar Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi bir yil davomida O‘zbekiston 10 dan ortiq mamlakat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.
Bu esa xalqaro munosabatlarimiz geografiyasining kengayib borayotgani, xalqaro hamkorlarimiz soni ortayotgani va O‘zbekistonning do‘stlari safi kengayayotganidan dalolat beradi.
Biz bu yo‘nalishda izchil va qat’iyatli qadamlar tashlashda davom etamiz.
V. Aprel oyida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash bo‘yicha ham ko‘plab ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:
- 16784 ta O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
- 1234 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;
- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 440 nafar fuqaromizga 22047 AQSH dollari miqdorida yordam ko‘rsatildi;
- chet elda qiyin vaziyatdagi ishsiz, voyaga yetmagan yoxud boquvchisiz 132 nafar fuqarolarimiz va 3 nafar odam savdosi qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz Vatanga qaytarildi;
- 39 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 130 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilib, ularda 15858 nafar vatandoshlarimiz ishtirok etishdi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 13545 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 12 100 ta murojaat Vazirlik Konsullik-huquqiy departamenti va mas’ul tashkilotlar tomonidan hal etildi. 1279 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha manzillarga yo‘naltirildi. Barchasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, ularga o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordamlari ko‘rsatildi.
Bir oy mobaynida 13 637 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari rasmiylashtirilgan, shundan 88 tasi Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan taqdim etildi.
Shu bilan aprel oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz o‘z nihoyasiga yetdi.
Hurmatli TIV kuzatuvchilari,
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, so‘nggi paytlarda ayrim fuqarolarimiz xorijga chiqishda va chet el hududida turli muammolarga duch kelayotgani, ayniqsa hujjatlarda kamchiliklar, mehnat shartnomalarida noaniqliklar yoki xorijdagi noqonuniy faoliyatlar oqibatida murakkab holatlarga tushib qolayotgani kuzatilmoqda.
Yurtdoshlarimizni chet elga chiqishdan oldin barcha zaruriy hujjatlar, qonuniy talablar va tashkiliy masalalarga to‘liq aniqlik kiritishga chaqiramiz.
Tashqi ishlar vazirligi Sizning huquqlaringizni himoya qilish va xavfsizligingizni ta’minlash bo‘yicha doimiy ish olib boradi. Biroq, har bir fuqaromizning mas’uliyatli yondashuvi – muhim kafolatlardan biridir.
Tashqi ishlar vazirligi mamlakatimizning milliy manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surish, xorijdagi fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish va ularning xavfsizligini ta’minlashda davom etadi. Bu jarayon, nafaqat O‘zbekistonning global miqyosda faol davlat sifatida tan olinishi, balki xalqaro maydonda mustahkam aloqalar o‘rnatish, do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi qat’iyatimizni yanada oshiradi.
Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib borishni unutmang.
E’tiboringiz uchun rahmat!

