Nurafshonda boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati o‘rganildi
2026-07-15 16:10:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Toshkent viloyati Nurafshon shahrida bo‘lib, “Nurafshon” massivida yangi tashkil etilgan “Yangiobod aholiga xizmat” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
Jarayonda kompaniya tomonidan ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish, hududlarni obodonlashtirish, muhandislik tarmoqlarini saqlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifati ko‘zdan kechirildi.
Bugungi kunda boshqaruv servis kompaniyasi 2 200 ta xonadondan iborat 42 ta ko‘p kvartirali uyga 22 nafar xodim bilan xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
- Boshqaruv organlarining asosiy vazifasi - aholiga sifatli va uzluksiz xizmat ko‘rsatish, ko‘p kvartirali uy-joylar infratuzilmasini samarali boshqarishdir. Har bir xonadon egasi kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarni his qilishi uchun xizmat sifati, mas’uliyat va ochiqlik ustuvor tamoyil bo‘lishi zarur, - dedi Ozoda Jo’rayeva.
Mutasaddilar tomonidan xizmatlar sifatini yanada oshirish, aholining murojaatlariga tezkor javob qaytarish hamda zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.



