Xitoy tajribasi: energiya tejamkor va zilzilabardosh qurilish yechimlari muhokama qilindi
2026-07-14 15:40:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov boshchiligida Xitoy delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda zamonaviy qurilish materiallari va seysmik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan innovatsion texnologiyalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Xususan, binolarning energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi yengil va yonmaydigan tashqi devor issiqlik izolyatsiyasi plitalari, issiqlikdan himoyalovchi qoplamalar, qavatlararo tovush izolyatsiyasi tizimlari hamda sanoat quvurlari uchun mo‘ljallangan energiya tejamkor materiallarning texnik imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, zilzila vaqtida binolarga tushadigan yuklamani kamaytirishga xizmat qiluvchi BRB turidagi seysmik bog‘lamalar hamda FV va FVW turidagi seysmik so‘ndirgichlarning ishlash prinsipi va amaliy samaradorligi namoyish etildi.
Uchrashuv davomida Xitoyda mazkur texnologiyalarni loyihalash va qurilish amaliyotiga joriy etish, ularni sinovdan o‘tkazish, amaldagi normativ talablar hamda zilzila monitoringi tizimi bo‘yicha qo‘llanilayotgan tajriba haqida ham batafsil axborot almashildi.
Yakunda tomonlar energiya tejamkor qurilish materiallari va seysmik himoya texnologiyalarini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash istiqbollari, ularning texnik talablarga muvofiqligi hamda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.





