Murojaatlar – amaliy yechimlar markazida
2026-07-13 15:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning murojaatlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda mavjud muammolarga amaliy yechim topish maqsadida Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan sayyor qabullar izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi sayyor qabul Olmazor tumanidagi “Chimboy” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida tashkil etildi. Unda Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – bosh muhandis J.Rahimov, Toshkent shahar Kadastrlar palatasi hududiy boshqarmasi hamda Olmazor tumani qurilish bo‘limi mutaxassislari, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ishtirok etdi.
Qabul davomida bir guruh fuqarolarning qurilish, noqonuniy qurilmalar, kadastr masalalari hamda hududdagi ichki yo‘llarga oid murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat yuzasidan fuqarolarga amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar nazoratga olinib, ularni belgilangan muddatlarda hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, ayrim murojaatlar yuzasidan mutasaddilar joyiga chiqib, mavjud holatni bevosita o‘rgandilar. Aniqlangan masalalarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish hamda fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.



