Bekobod tumanidagi eshkak eshish sport bazasi rekonstruksiya qilinmoqda
2026-07-06 19:50:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov Toshkent viloyatining Bekobod tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy soha obyektlaridagi qurilish ishlari bilan tanishmoqda.
Dastlabki manzilda vazir o‘rinbosari “Qo‘shtamg‘ali” MFY hududida joylashgan baydarka va kanoeda eshkak eshish sport bazasini rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan mas’ullarning axborotini eshitdi.
Loyiha doirasida sport bazasining bino va inshootlari zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinishi, qayiqlar uchun elling barpo etilishi, mavjud trenajyor zali qayta ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Bu sportchilar uchun mashg‘ulotlar sifati va qulayligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari loyiha-smeta hujjatlari, qurilish ishlari sifati, belgilangan muddatlarga rioya etilishi hamda foydalanilayotgan qurilish materiallari yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.
“Har bir ijtimoiy soha obyekti nafaqat sifatli, balki belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishi kerak. Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun zamonaviy sport infratuzilmasini yaratishga xizmat qiladi. Shuning uchun qurilishning har bir bosqichida sifat, intizom va mas’uliyat ustuvor bo‘lishi lozim,” — dedi T.Alimatov.
Ta’kidlash joiz, mazkur obyekt foydalanishga topshirilgach, hududda suv sport turlarini rivojlantirish, yosh sportchilarni tayyorlash hamda zamonaviy sport infratuzilmasini kengaytirishga munosib hissa qo‘shadi.




