Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2026-06-27 19:00:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Uy-joy mulkdorlari shirkatlari va bevosita boshqaruvchilar faoliyatiga oid tarqalgan tanqidiy materiallar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Joriy yilning 26-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan davlat nazorati tadbirlari yuzasidan tanqidiy mazmundagi material e’lon qilindi. Unda shirkatlar va bevosita boshqaruvchilarga nisbatan qo‘llanilayotgan ta’sir choralari asossiz ekani hamda ularning faoliyati cheklanayotgani haqida fikrlar bildirilgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan davlat nazorati tadbirlarining asosiy maqsadi boshqaruv organlari faoliyatini cheklash emas, balki ular tomonidan qonunchilikda belgilangan majburiy talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, ko‘p kvartirali uylarda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda joy mulkdorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Shu maqsadda qonunchilik talablarini qo‘pol yoki muntazam ravishda buzgan barcha boshqarish organlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llanilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar hududiy inspeksiyalari tomonidan 2026-yil yanvar–may oylari davomida o‘tkazilgan davlat nazorati tadbirlari natijasida 220 ta holatda uylarni boshqarish qoidalari talablari buzilganligi aniqlangan. Shu jumladan, 37 ta shirkat, 28 ta BSK va 5 nafar bevosita boshqaruvchilar qonunchilik talablarini surunkali ravishda buzib kelgan hamda ularga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan.
🔴 Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, aniqlangan huquqbuzarliklar orasida 24/7 avariya-dispetcherlik xizmati tashkil etilmagani, boshqaruv faoliyati “Mening uyim” billing axborot tizimi orqali yuritilmagani, mulkdorlarga hisobot taqdim etilmagani, uylarda texnik xatlov o‘tkazilmagani holatlari ko‘p takrorlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-fevraldagi 47-son qaroriga 3-ilova bilan tasdiqlangan Nizomning 14-bandiga muvofiq, boshqarish organini elektron reyestrdan chiqarish faqat qonunchilikda aniq belgilangan huquqiy asoslar mavjud bo‘lgan holatdagina amalga oshiriladi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikda ko‘p kvartirali uylarni boshqarishning biror-bir shakliga nisbatan cheklovlar nazarda tutilmagan. Davlat nazorati tadbirlari muayyan boshqaruv usulini cheklash emas, balki boshqaruvning qaysi shakli tanlanganidan qat’i nazar, barcha boshqaruv organlari tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, keltirib o‘tilgan qoidabuzarliklar fuqarolardan kelayotgan murojaatlarni joyiga chiqqan holda o‘rganish jarayonida aniqlanmoqda.
Vazirlik fuqarolardan boshqarish organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga befarq bo‘lmaslikni hamda ularning faoliyatiga e’tirozlar bo‘lganda “Mening uyim” ilovasi orqali xabar berishlarini so‘rab qoladi. Zero, jamoatchilik nazorati har qanday davlat nazoratidan samarali hisoblanadi.
