Toshkent shahrida “Build Connect Forum 2026” forumi o’z ishini boshladi
2026-06-25 11:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Ayni paytda Toshkent shahrida qurilish sohasi vakillarini bir maydonga jamlagan “Build Connect Forum 2026” forumi o’z ishini boshladi.
Qurilish industriyasining yetakchi vakillari, tadbirkorlar, investorlar va mutaxassislarni birlashtirgan mazkur anjumanda qariyb 500 nafar soha vakili ishtirok etmoqda.
Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov so‘zga chiqib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsion jozibadorlikni oshirish hamda davlat va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.
“Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, qulay biznes muhitini yaratish, investorlar uchun yangi imkoniyatlarni kengaytirish hamda sohani raqamlashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlarning asosiy maqsadi tadbirkorlar va investorlar uchun yanada qulay sharoit yaratish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda qurilish bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdan iborat”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, O‘zbekiston Quruvchilari Assotsiatsiyasi rahbari Mansur Niyozmuhammedov ham forum ishtirokchilariga murojaat qildi.
“Har qanday jadal rivojlanayotgan bozorda raqobat ham kuchayib boradi. Bugungi forumning asosiy maqsadi — qurilish bozori ishtirokchilari o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni rivojlantirishdir. Mazkur platforma tajriba va g‘oyalar almashish, raqobatbardoshlikni oshirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarga birgalikda yechim topish hamda sohaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiladi”, — dedi u.
Ta’kidlanganidek, forum davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, investorlar va qurilish kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni muhokama qilish hamda sohada zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.




