Sardoba tumani yangi qiyofa kasb etadi
2026-06-23 15:05:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Sirdaryo viloyati Sardoba tumani “Xalqobod” va “Quyitosh” mahallalarida joylashgan ma’nan eskirgan ko‘p qavatli uylar holati o‘rganildi.
Jarayonda hududdagi mavjud infratuzilma, uylarning texnik holati hamda kommunal xizmatlar sifati tahlil qilindi. Ayniqsa, qurilganiga 60 yildan oshgan 157 ta ikki qavatli uy joylashgan ushbu hududda oqova suv tizimlari, ichki yo‘llar va boshqa muhim kommunal tarmoqlarni rivojlantirish zarurati mavjudligi qayd etildi.
Mutasaddilar aholi bilan muloqot qilib, ularni qiynab kelayotgan muammolar, mavjud sharoitlar va kutilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan fikr-mulohazalarni tingladi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalar va takliflar renovatsiya dasturini shakllantirish jarayonida inobatga olinishi belgilandi.
- Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun respublikamizning eng chekka hududlarigacha zamonaviy infratuzilma va qulay yashash muhiti kirib bormoqda. Sardoba tumanidagi ushbu hududlarda ham aholining uzoq yillardan buyon yig‘ilib qolgan muammolarini hal etish, eng zarur kommunal xizmatlarni rivojlantirish, eskirgan uy-joy fondini bosqichma-bosqich yangilash orqali fuqarolarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish asosiy maqsadimizdir, - dedi Ozoda Jo’rayeva.
🏢 O‘rganishlar yakunida ko‘p qavatli uylarni xatlovdan o‘tkazib, renovatsiya dasturiga kiritish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, Sardoba tumani hokimi o‘rinbosari va boshqa mas’ullarga jarayonlarni tizimli tashkil etish va hududdagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Mazkur ishlar natijasida bugungi kunda qarovsiz va eskirgan holatga kelib qolgan hududni zamonaviy uy-joylar, rivojlangan kommunal infratuzilma va qulay yashash muhiti yaratilgan namunali maskanga aylantirish ko‘zda tutilmoqda.




