Vazir o‘rinbosari Osiyo taraqqiyot banki mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazdi
2026-06-18 15:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Namangan shahri oqova suv tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan Metito utilities kompaniyasining ichroji direktori Rami Gandur hamda Osiyo taraqqiyot banki mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yig‘ilishda loyiha amalga oshirilishining bugungi holati, mavjud muammolar va keyingi vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, Namangan shahri oqova suv tozalash inshootini qayta qurish va uning quvvatini sutkasiga 100 ming kub metrgacha yetkazish loyihasi O‘zbekistonda oqova suv sohasida amalga oshirilayotgan ilk davlat-xususiy sheriklik loyihasi hisoblanadi.
Muhokamalar davomida loyiha ijrosidagi kechikishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, ekologik ekspertiza jarayonlarini jadallashtirish, qo‘shimcha kelishuv loyihasini qisqa muddatlarda ishlab chiqish va imzolash, shuningdek, loyihaning moliyaviy yopilishiga oid ishlarni tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Hukumat tomonidan oqova suv chiqarish standartlari bilan bog‘liq masalalar hal etilgani, bu esa nafaqat mazkur loyiha, balki sohadagi boshqa investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ham muhim huquqiy asos yaratgani ta’kidlandi.
Ozoda Jo‘rayeva investor kompaniya va xalqaro moliya institutlari vakillarini loyiha hujjatlarini ekologik ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishga hamda qo‘shimcha bitim loyihasi yuzasidan yakuniy takliflarni tezkor ravishda taqdim etishga chaqirdi. Vazirlik tomonidan bu jarayonlarda har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirish, mavjud kechikishlarni bartaraf etish hamda Namangan viloyati aholisini zamonaviy va sifatli kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishib oldilar.



