Ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi
2026-06-16 09:25:00 / Vazirlik yangiliklar

Davlatimiz rahbarining ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Prezident Administratsiyasi tashabbusi bilan Global ekologik jamg‘armasining 8-assambleyasida ilgari surilgan tashabbuslar ijrosiga bag‘ishlangan mazkur yig‘ilishda Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.
Unda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ham qatnashdi. Yig‘ilish davomida ekologik barqarorlikni ta’minlash, hududlarning ekologik holatini kompleks baholash, “yashil” standartlarni keng joriy etish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashuv choralarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Eco Expo Central Asia” platformasi orqali ekologik va iqlimiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalar va grant mablag‘larini jalb etish hamda hududlarda ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda so‘z olgan Ozoda Jo‘rayeva qurilish va kommunal sohalarda ekologik tamoyillarni keng joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida energiya samaradorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik xavfsiz infratuzilmani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarimizdan biridir. Yashil standartlarni amaliyotga keng tatbiq etish orqali hududlarning ekologik holatini yaxshilash va aholining turmush sifatini oshirishga munosib hissa qo‘shamiz, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi tashkilotlarga belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, ekologik tashabbuslarni amaliy loyihalar bilan qo‘llab-quvvatlash hamda tarmoqlararo hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.


