Vazir o‘rinbosari ishtirokida Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi
2026-06-08 19:35:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Toshkent shahar hokimligi, “Issiqlikta’minoti” AJ hamda vazirlikning mas’ul xodimlari ishtirokida Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan amaldagi va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Xususan, Navoiy, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarining markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish loyihasining tayyorgarlik jarayonlari, texnik va moliyaviy jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Loyihani tayyorlash uchun Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 1,3 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘i ajratilgani qayd etildi.
Shuningdek, issiqlik ta’minoti sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda ularning malakasini xalqaro tajriba asosida oshirishga qaratilgan grant loyihasi bo‘yicha ham mulohazalar bildirildi.
Uchrashuvda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarning borishi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlariga o‘tkazilgan mahallalarni ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlash bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish, loyihalarni samarali amalga oshirish hamda ushbu masalalar yuzasidan chuqur tahlil va muhokamalarni davom ettirishga kelishib oldilar.




