Namanganda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-05-25 14:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish bo‘yicha profilaktik uchrashuv hamda boshqarma va shahar-tuman bo‘limlarida ijro intizomiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakili ishtirok etib, bugungi kunda barcha sohalarda korrupsion jinoyatlarga qarshi kurashish, mazkur holatlar sodir etilishiga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, tezkor tadbirlar natijalari, korrupsion holatlarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda noqonuniy xatti-harakatlar oqibatida o‘z faoliyati va hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan ayrim davlat xizmatchilari misolida tushuntirishlar olib borildi.
🫥 Yig‘ilishda bosh boshqarma boshlig‘i v.v.b Elyor Qosimov so‘zga chiqib, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida Shaharsozlik kodeksi va sohadagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga qat’iy rioya etish, ijro intizomini mustahkamlash hamda bunday salbiy holatlarning oldini olish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, jamiyatda sodir etilgan har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar ekani alohida qayd etildi. Barcha xodimlar korrupsiyadan yiroq bo‘lishga, noqonuniy xatti-harakatlardan ogoh bo‘lishga hamda xizmat faoliyatida doimo hushyorlikni saqlashga chaqirildi.


