Toshkent shahrida “Intelligent Building Expo Tashkent (IBE) 2026” ko‘rgazma o‘z ishini boshladi
2026-05-20 13:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Toshkent shahrida “Intelligent Building Expo Tashkent (IBE) 2026” — aqlli binolar, zamonaviy muhandislik tizimlari hamda barqaror shahar infratuzilmasiga oid ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma o‘z ishini boshladi.
2026-yil 20-22-may kunlari “O‘zekspomarkaz” majmuasida o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli tadbirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari - "Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi" direktori Davronjon Adilov ishtirok etib, ochilish marosimida nutq so‘zladi.
Nutq davomida bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda qurilish va shaharsozlik sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
“Bunday ko‘rgazmalar ilg‘or texnologiyalar bilan yaqindan tanishish, xalqaro tajribani o‘rganish va uni milliy amaliyotga samarali tatbiq etish uchun muhim muloqot maydoni vazifasini bajaradi”, — dedi Davronjon Аdilov.
Shuningdek, tadbir mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish hamda innovatsion texnologiyalarni milliy qurilish bozoriga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
☯️ Messe Frankfurt litsenziyasi asosida tashkil etilgan ko‘rgazma Intersec, ISH, Light + Intelligent Building hamda Wire + Cable yo‘nalishlarini birlashtirib, HVAC tizimlari, suv texnologiyalari, elektrotexnika, avtomatlashtirish, IoT va xavfsizlik tizimlariga oid zamonaviy yechimlarni qamrab olgan.




