RASMIY MUNOSABAT
2026-05-13 17:30:00 / Rasmiy munosabat

1. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 7-noyabrdagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi O‘RQ–581-son Qonuni ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Mazkur Qonun ko‘p kvartirali uylardagi turar va noturar joylar mulkdorlari, boshqaruvchi tashkilotlar, boshqaruvchilar, uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda ushbu soha bilan bog‘liq boshqa shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-yanvardagi 3-son qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalari”ga muvofiq, boshqarish organlari tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini axborot-billing tizimi orqali amalga oshirish majburiy hisoblanadi. Shuningdek, boshqarish organi ko‘p kvartirali uyni boshqarish bo‘yicha joylar mulkdorlari bilan shartnoma tuzadi hamda xizmat ko‘rsatish sifati uchun javob beradi.
Shuningdek, u mumiy mol-mulkning saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning ro‘yxati minimal ro‘yxatni hisobga olgan holda, boshqarish organi tomonidan ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlari bilan birgalikda shakllantiriladi va ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishida tasdiqlanadi.
Boshqarish organi bir nechta ko‘p kvartirali uylarni boshqarganda har bir ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkning saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlar ro‘yxatini mazkur uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi muhokamasiga alohida ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritishi lozim.
Shunga ko‘ra, “Mening uyim” axborot-billing tizimida aks ettirilayotgan ta’mirlash ishlari, xizmatlar, majburiy to‘lovlar, qarzdorlik, umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlari va boshqa ma’lumotlar tegishli boshqarish organi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar asosida shakllanadi.
Bunda pod’ezdni ta’mirlash, bolalar maydonchasini ta’mirlash, lift uskunalarini almashtirish yoki ta’mirlash, liftning elektr energiyasi sarfi, muhandislik tarmoqlarini saqlash, umumiy foydalanish joylarini tozalash va boshqa ishlar bo‘yicha ko‘rsatilgan har qanday summa tegishli hujjatlar bilan asoslantirilgan bo‘lishi shart.
Ya’ni, “Mening uyim” tizimida muayyan uy bo‘yicha “ta’mirlash ishlari — 28 mln so‘m”, “lift elektron uskunalari — 9 mln so‘m”, “bolalar maydonchasi ta’miri — 4 mln so‘m” yoki boshqa xarajatlar aks ettirilgan bo‘lsa, ushbu summalar boshqarish organi tomonidan shartnoma, hisob-faktura, bajarilgan ishlar dalolatnomasi, xarajatlar smetasi, umumiy yig‘ilish qarori yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatlar bilan asoslab berilishi lozim.
Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 15-martda 3501-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan normativ hujjatda ko‘p kvartirali uylarni saqlash bo‘yicha majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorini belgilash tartibi nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra mazkur to‘lovlar iqtisodiy asoslangan bo‘lishi, umumiy mol-mulkni saqlash va undan foydalanish maqsadlariga yo‘naltirilishi lozim.
Shu sababli, boshqarish organi tomonidan tizimga kiritilgan ishlar va xarajatlar faqat nomma-nom ko‘rsatilishi bilan cheklanib qolmasdan, ularning haqiqatda bajarilgani, qiymati qanday hisoblangani, qaysi hujjatlar asosida kiritilgani hamda mazkur ishlar bo‘yicha mulkdorlar xabardor qilingani aniq va hujjatli tarzda tasdiqlanishi kerak.
Liftning elektr energiyasi sarfiga oid e’tirozlar bo‘yicha ham ma’lum qilamizki, lift umumiy mol-mulk tarkibiga kiruvchi muhandislik uskunasi hisoblanadi. Shu bois uning texnik xizmat ko‘rsatilishi, ta’mirlanishi va elektr energiyasi sarfi bo‘yicha xarajatlar umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlari tarkibida yuritilishi kerak . Biroq ushbu xarajatlar ham hisoblagich ko‘rsatkichlari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma, to‘lov hujjatlari va amalga oshirilgan ishlar dalolatnomalari bilan asoslantirilishi shart.
2. “Mening uyim” axborot-billing tizimi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan tushuntirish roliklari fuqarolarga tizimning umumiy imkoniyatlari, jumladan, ko‘p kvartirali uy bo‘yicha ma’lumotlarni ko‘rish, murojaat yuborish, to‘lovlar va qarzdorlik holatini kuzatish, kelgusida esa umumiy yig‘ilishlar, shartnomalar, hisobotlar va boshqa boshqaruv jarayonlarini elektron shaklda amalga oshirish tartibini tushuntirish maqsadida tayyorlangan.
Fuqarolar tomonidan “qizil tugma” sifatida tilga olinayotgan funksiyalar tizimda murojaat yuborish, shikoyat qoldirish yoki tegishli masala bo‘yicha boshqarish organi hamda vakolatli tashkilotlarga elektron tarzda murojaat qilish imkoniyatlari bilan bog‘liq. Ushbu imkoniyatlarning to‘liq ishlashi boshqarish organlari tomonidan ma’lumotlarni to‘liq va to‘g‘ri kiritish, axborot tizimlari o‘rtasidagi integratsiyalar, texnik sozlash ishlari hamda qonunchilikda belgilangan bosqichma-bosqich joriy etish jarayonlariga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ–48-son qarori bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasini raqamlashtirish, “Mening uyim” axborot-billing tizimi orqali umumiy yig‘ilishlar, shartnomalar, murojaatlar, hisob-kitoblar va boshqa jarayonlarni elektron shaklga o‘tkazish vazifalari belgilangan. Mazkur qaror asosida ushbu jarayonlar dastlab Toshkent shahrida 2026-yil 1-iyuldan boshlab , keyinchalik ya’ni 2027-yil 1-yanvardan boshlab respublika bo‘yicha bosqichma-bosqich joriy etilishi nazarda tutilgan.
Shuning uchun “Mening uyim” tizimida hozirgi vaqtda ayrim fuqarolarga asosan qarzdorlik, hisob-kitoblar yoki to‘lovlarga oid ma’lumotlar ko‘rinayotgani tizimning maqsadi faqat qarzdorlikni ko‘rsatishdan iboratligini anglatmaydi. Aksincha, mazkur tizim ko‘p kvartirali uylarni boshqarish jarayonida shaffoflikni ta’minlash, mulkdorlarga o‘z uyi bo‘yicha ma’lumotlardan xabardor bo‘lish imkoniyatini yaratish, boshqarish organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda sohada inson omilini kamaytirishga qaratilgan.
Biroq tizimdagi ma’lumotlar to‘liq, haqqoniy va hujjatlar bilan asoslangan bo‘lishi lozim. Agar muayyan uy bo‘yicha tizimda ishlar, xarajatlar, hisobotlar, shartnomalar yoki boshqa ma’lumotlar to‘liq aks ettirilmagan bo‘lsa, ushbu holat bo‘yicha mas’ul boshqarish organi tomonidan ma’lumotlar to‘liq kiritilishi va mulkdorlarga tegishli tushuntirish berilishi lozim.
Shu munosabat bilan, agar Sizda “Mening uyim” axborot-billing tizimida ko‘rsatilgan ishlar haqiqatda bajarilmagani , summalar asossiz kiritilgani, uy mulkdorlari bilan kelishilmagan xarajatlar aks ettirilgani yoki tizimda qarzdorlikdan boshqa ma’lumotlar ko‘rinmayotgani yuzasidan e’tiroz mavjud bo‘lsa, birinchi navbatda uyingizga xizmat ko‘rsatayotgan boshqarish organiga yozma ravishda murojaat qilib, quyidagi hujjatlarni talab qilishingiz mumkin:
- umumiy yig‘ilish bayonnomasi;
- xarajatlar smetasi;
- bajarilgan ishlar dalolatnomasi;
- shartnoma va hisob-fakturalar;
- lift, pod’ezd, bolalar maydonchasi yoki boshqa obyektlar bo‘yicha ta’mirlash ishlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
- lift elektr energiyasi sarfi bo‘yicha hisoblagich ko‘rsatkichlari va to‘lov hujjatlari;
- uy bo‘yicha to‘lovlar, qarzdorlik va sarflangan mablag‘lar hisoboti.
Boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlar taqdim etilmagan, ma’lumotlar to‘liq kiritilmagan yoki ko‘rsatilgan xarajatlar haqiqatda bajarilgan ishlarga mos kelmagan taqdirda, fuqaro belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga murojaat qilishga haqli.
Qo‘shimcha ravishda ma’lum qilamizki, Vazirlik “Mening uyim” axborot-billing tizimini joriy etish, takomillashtirish va sohada raqamlashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi. Biroq har bir ko‘p kvartirali uy bo‘yicha bajarilgan ishlar, xarajatlar smetasi, shartnomalar, dalolatnomalar, hisob-fakturalar, lift elektr energiyasi sarfi va boshqa moliyaviy hujjatlarning haqqoniyligi uchun bevosita mazkur uyga xizmat ko‘rsatayotgan boshqarish organi mas’ul hisoblanadi.
Shuningdek, “Mening uyim” tizimida ko‘rsatilayotgan qarzdorlik, to‘lovlar yoki xarajatlar haqiqiy holatga mos kelmasa, boshqarish organi ushbu ma’lumotlarni hujjatlar bilan asoslab berishi shart. Asossiz hisoblangan yoki haqiqatda bajarilmagan ishlar uchun kiritilgan summalar yuzasidan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.
