Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan anjuman bo‘lib o‘tdi
2026-04-29 20:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, bugun poytaxtimizda 29-aprel - Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar mas’ullari qatori, turli davlatlardan tashrif buyurgan nufuzli tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etishdi. Anjumanda Qurilish va uy- joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Jalol Arashov qatnashib, nutq so‘zladi.
Ta’kidlanganidek, qurilish sohasi jadal rivojlanayotgan mamlakatimiz uchun bugungi kunda seysmik xavfsizlik va zilzilabardosh qurilish masalalari juda dolzarb va muhim hisoblanadi. Ushbu sohani tartibga solishda Shaharsozlik kodeksi, "O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida"gi qonun hamda shaharsozlik normalari va qoidalari asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10 ga yaqin Farmon va qarorlari qabul qilindi. Bu esa davlat rahbarining sohaga qaratayotgan kuchli e’tiboridan dalolatdir.
Ushbu hujjatlar bilan seysmologiya, zilzilabardosh qurilish va seysmik xavfsizlik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar ilmiy-tadqiqotlarni chuqurlashtirish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish, obyektlarni loyihalashda ekspertiza qilish va ularni qurishda nazorat tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Hukumat topshirig‘iga muvofiq 2025-yildan shu kunga qadar 12 mingga yaqin binolarning texnik holati o‘rganib chiqildi va bu jarayon davom etmoqda. Rejaga ko‘ra 2030-yilgacha respublikadagi barcha ko‘p xonadonli turar joy binolarining hamda ko‘p qavatli jamoat binolarining texnik holati baholanadi va pasportlashtiriladi.
Qurilish obyektlarini loyihalashda va qurishda murakkablik toifasiga muvofiq loyihachi va qurilish-pudrat tashkiloti tanlanadi. Buning uchun “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida sohaviy tashkilotlar reytingi yuritiladi. Bunda ijtimoiy ahamiyati, murakkabligi va xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni loyihalash va qurishga reytingi yuqori bo‘lgan tashkilotlarga ruxsat beriladi.
O‘tkazilgan muhandislik-geologik tadqiqotlar, instrumental-texnik tekshiruv, ishlab chiqilgan maxsus texnik shartlar hamda ularning natijalariga ko‘ra berilgan xulosalar reyestri raqamlashtirildi. Qurilish jarayonini nazorat qilish to‘rt bosqichda tashkil qilingan, ular qurilish-pudrat tashkilotining ichki nazorati, loyihachining mualliflik nazorati, buyurtmachining texnik nazorati va davlat nazoratidan iborat.
Binolarning mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan texnik talablar shaharsozlik normalari va qoidalari bilan belgilanadi. Ularning kutubxonasi bepul va ochiq holda vazirlikning rasmiy saytiga joylashtirilgan. Seysmik xavfsizlik talablarini belgilovchi normalar aniq ko‘rsatmalarga asoslangan holda ishlab chiqilgan. Ularga ko‘ra O‘zbekistonda temir beton va metall konstruksiyalarga ustuvorlik berilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu normalarda 24 ta eng maqbul konstruktiv tizimli yechimlar keltirilgan.
Sohada oxirgi yillarda kuzatilayotgan tendensiyalarni inobatga olib, xalqaro miqyosda to‘plangan tajriba va ilm-fanda erishilgan yutuqlarni joriy qilish maqsadida AQSH, Yevropa ittifoqi va Yaponiya tajribalari doimiy o‘rganib borilmoqda. Anjuman yirik xalqaro ilmiy tashkilotlar rahbarlarining taqdimotlari, ilmiy ma’ruzalari bilan davom etdi.




