Vazir oʻrinbosari boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻlib turibdi
2026-04-02 10:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Avval xabar qilinganidek, shu kunlarda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Davronjon Adilov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻlib turibdi.
Safar doirasida delegatsiya Chunsin shahri Yuychjun tumanida amalga oshirilayotgan "Minzhu Village Urban Renewal Project" hamda "Urban Governanche Cent er of Yuzhong District" faoliyati bilan atroflicha tanishdi. Shuningdek, markaz rahbariyati bilan amaliy uchrashuv oʻtkazildi.
Unda mazkur markazning shahar boshqaruvidagi institutsional oʻrni va zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etishdagi ahamiyati yuksak baholandi. Taʼkidlanganidek, ushbu markaz Chunsin shahrida shakllantirilgan “aqlli shahar” ekotizimining yadrosi hisoblanib, shahar infratuzilmasi va xizmatlarini yagona raqamli platforma orqali boshqarish imkonini beradi.
Markaz faoliyati “shahar miyasi” konsepsiyasi asosida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, shahar, tuman va mahalla darajalaridagi barcha jarayonlarni qamrab olgan holda maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilishni taʼminlaydi. Natijada boshqaruv qarorlari real vaqt rejimida, aniq va asoslangan tarzda qabul qilinadi.
Taqdimotda markazning asosiy funksional yoʻnalishlari sifatida shahar infratuzilmasini kompleks monitoring qilish, avariya va favqulodda holatlarni tezkor boshqarish, turli xizmatlar oʻrtasida samarali muvofiqlashuvni taʼminlash, katta maʼlumotlar asosida tahlil va prognozlash hamda aholi bilan raqamli muloqot mexanizmlarini rivojlantirish kabi jihatlar alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, markaz faoliyatida IoT (shahar atrofidagi sensorlar) texnologiyalari, videokuzatuv tizimlari, bulutli hisoblash yechimlari va "Big Data" platformalaridan keng foydalanilayotgani, bu esa shahar tizimlarining shaffofligi, tezkorligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar shahar xoʻjaligini raqamlashtirish, infratuzilmani intellektual boshqarish, kommunal xizmatlar samaradorligini oshirish hamda favqulodda holatlarga tezkor javob qaytarish boʻyicha ilgʻor tajribalarni Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.




