Raqamlashtirish orqali issiqlik ta’minoti tizimida tartib va nazorat kuchaytiriladi
2026-03-26 18:10:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Vazir Sherzod Hidoyatov hamda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva konstruktiv va tanqidiy ruhda olib borgan yig’ilishda “Issiqlik ta’minoti” AJ va uning hududiy bo’linmalari, “Issiqlik ta’minoti obyektlari bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DM hamda hududiy boshqarmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda sohani isloh qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan. Biroq, bugungi kunda yechimi dolzarb bo’lgan masalalar ham yetarli.
Xususan, ayrim hududlarda loyihalarni yakunlash, obyektlarni foydalanishga topshirish, debitor qarzdorliklarni kamaytirish hamda billing tizimini to‘liq joriy etish ishlari sust kechayotgani keskin tanqid qilindi.
Shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, mas’ullar tashabbuskorligi va tizimli yondashuv yetishmayotgani alohida ta’kidlandi.
- Sohada shaffoflik va tartibni ta’minlashda raqamlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Raqamli tizimlarni to‘liq joriy etish orqali biz nafaqat samaradorlikni oshiramiz, balki sohadagi noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishga erishamiz. Shu jihatdan, har bir rahbar bu masalaga alohida e’tibor qaratishi shart,- dedi Sherzod Hidoyatov.
Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, ijro intizomini kuchaytirish va aniq natijalarga erishish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida hududiy mas’ullarning fikr va mulohazalari tinglanib, mavjud muammolarni tizimli hal etish, mas’uliyatni kuchaytirish hamda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq choralar belgilab olindi.





