Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2025-11-19 15:00:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p kvartirali uylarni saqlash bo‘yicha qoidalar tasdiqlangani e’lon qilingan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqishning manzilli rejasiga ko‘ra ko‘p kvartirali uylar hamda ularga tutash yer uchastkalarida umumiy mol-mulkni saqlash va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish maqsadida normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Unga ko‘ra vazirlik huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari” loyihasi ishlab chiqildi hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida yagona elektron tizim - regulation.adliya.uz orqali muhokamaga qo‘yildi. Tartibga ko‘ra muhokama jarayonida kelib tushgan asoslantirilgan takliflar puxta tahlil qilinib, ular asosida loyihaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, jamoatchilik muhokamasi yakunlangandan so‘ng, hujjat loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan belgilangan tartibda kelishiladi.
Ma’lumot uchun, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga (ro‘yxat raqami 3686, 2025-yil 9-oktabr) muvofiq, hujjat Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyingina kuchga kirishi belgilangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p kvartirali uylarni saqlash bo‘yicha qoidalar qabul qilinib, tasdiqlandi, degan fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Siz jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin. Unutmang, sizning fikr-mulohazalaringiz hujjatni takomillashtirishda inobatga olinadi.
