O‘zbekistonda fiskal va pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirishning dolzarb masalalari mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi
2025-12-03 19:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Strategiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, 2025-yil
3-dekabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi tomonidan vazirlikning markaziy apparati xodimlari uchun “O‘zbekistonda fiskal va pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.
Mahorat darsida O‘zbekistondagi mavjud makroiqtisodiy vaziyat, asosiy nomutanosibliklar, makroiqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirishning maqsadlari va tamoyillari, shuningdek, fiskal va monetar siyosat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar makrofiskal prognozlash, iqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va fiskal va monetar siyosatda qo‘llaniladigan modellar haqida amaliy ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Tadbirda Toshkentdagi “Webster University” professori, iqtisod fanlari doktori (DSc) Xudoynazarov Ashurali Kurbanaliyevich ma’ruza bilan ishtirok etib, makrofiskal barqarorlik modellari, fiskal va pul-kredit siyosatni muvofiqlashtirishning institutsional asoslari va xalqaro amaliyotdagi ilg‘or yondashuvlar haqida ma’lumotlar berdi.
Seminar doirasida vazirlik xodimlari tomonidan berilgan savollarga iqtisodchi-ekspertlar tomonidan atroflicha javoblar berildi. Shu bilan birga, mamlakatdagi asosiy makroiqtisodiy muammolar, fiskal siyosatning samaradorligi, inflyatsiya va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi munosabat, institutsional islohotlarning ahamiyati kabi masalalar keng muhokama qilindi.
O‘quv markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur mahorat darsi strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish, davlat moliyasini boshqarish sohasida tahliliy salohiyatni oshirish, kadrlarning makroiqtisodiy modellashtirish hamda prognozlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi

