Avstriya Respublikasi Federal Moliya vaziri o‘rinbosari bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2025-11-28 16:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Avstriya tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot agentligi (AED), Avstriya texnologiya korporatsiyasi (ATC), “BPG Alternative Minerals Reserves AG”, “ILF Consulting Engineers” va Avstriyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi direktori TemurMalik Narziqulov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Obid Pardayev va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
• moliyaviy sektorni modernizatsiya qilish;
• energiya tejamkor va “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish;
• iqtisodiy jarayonlarni raqamlashtirish;
• infratuzilma loyihalarida innovatsion yondashuvlarni joriy etish.
Tomonlar, shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish mexanizmlarini ham ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Avstriya Federal Moliya vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or tajribalar almashish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi.
Memorandumga muvofiq, hamkorlikni muvofiqlashtirish, ustuvor yo‘nalishlarni belgilash (energiya tejash va energiya samaradorligini oshirish loyihalari, barqaror shaharsozlik, elektron hukumatni rivojlantirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish, davlat xaridlari tizimini isloh qilish, kichik va o‘rta biznesni raqamlashtirish va boshqalar) va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzilishi belgilandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati






