Qoʻrakoʻl tumani: Dilsora Joʻrayeva kichik korxonasini fabrikaga aylantirish orzusida
2025-11-05 19:45:00 / Yangiliklar

Shu mahallasida yashovchi Dilsora Joʻrayeva ham bugun halol-pokiza mehnati bilan oilasiga baraka olib kirib, mahallasiga ibrat boʻlayotgan chevarlardan biri. Bir muddat ishsiz va daromadsiz qolgan Dilsora hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida 33 million soʻm imtiyozli kredit sarmoyasini olib, bu pulga zamonaviy tikuv mashinalarini xarid qilib, chevarlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi.
Tashabbuskor ayol biznes loyihasi ishga tushishi natijasida mahalladagi bir nechta xotin-qiz ham doimiy ish oʻrniga ega boʻlishdi. Aynan Dilsora bugun oʻzi singari qoʻlida hunari boʻlaturib uyda oʻtirib qolgan 4 nafar ayolning bandligini taʼminlamoqda. Xuddi shunday, yana 6 nafar qiz kichik korxonaga qatnab, ustoz-shogird anʼanasi asosida tikuvchilik sirlarini oʻrganmoqda.
Dilsora uchun bu ish faqat tirikchilik manbai emas, balki mahalla ayollarini birlashtirgan, ularni oʻz mehnati orqali daromad topishlariga undagan maqsad-muddao hamdir. Uning sexida tikib tayyorlanayotgan bejirim kiyim-kechaklar oʻz xaridorini topgan, buyurtmalari esa oshib bormoqda.
— Avvallari faqat orzu qilardim, endi esa oʻsha orzularni maqsadga aylantirib, ishlab moddiy manfaat topayapman. Baholiqudrat bir necha oilaga qoʻshimcha daromad topishlariga imkoniyat yaratildi,—deydi Dilsora Joʻrayeva tabassum bilan.—Har bir qizimizning qoʻlida tikuvchilik hunari sayqal topmoqdaki, bu kichik korxonamiz, jamoamizga daromad keltirmoqda. Kelgusida zamonaviy tikuv fabrikasi ochib, yana mahalladoshlarimizni ish bilan taʼminlamoqchiman.
Bunday loyihalar mahallalarda ayollar faolligini oshirish, ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish va iqtisodiy mustaqillikka erishish yoʻlidagi amaliy qadamdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









