Kogon: “Siyozpoyon”da yosh hunarmand Sardor Toyirov oʻz ustaxonasiga ega
2025-11-05 19:40:00 / Yangiliklar

Kogon tumanida ham oilaviy tadbirkorlik asosida faoliyatini kengaytirayotgan hunarmand, biznes vakillari safi keengaymoqda. Ular samarali ish olib borishi, mahsuldorlik bilan birga ish oʻrinlari yaratishi va moddiy manfaatdorlikni oshirishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib berilmoqda.
Siyozpoyon mahallasida yashovchi Sardor Toyirov ham yosh boʻlishiga qaramay, tengqurlariga namuna boʻlayotgan usta hunarmandlardan. Xaridorlar talab va taklifidan kelib chiqib dastlab eshik, deraza yasab, duradgorlik bilan shugʻullangan usta bugunga kelib xonadonida mebel ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan. Bunda u oilaviy jamgʻarmasidan 100 million soʻmga yaqin mablagʻ sarflab, maxsus texnologiya xarid qilgan. Aytish oʻrinliki, yosh hunarmand allaqachon otasi qanotiga kirib, unga kamarbasta boʻlish bilan birga, oilasi farovonligiga ham hissa qoʻshmoqda.
Hozirda xonadon ustaxonasida yasab tayyorlanayotgan 10 turga yaqin uy jihozlari allaqachon oʻz xaridorini topgan. Bunda ustaning sexini rivojlantirish maqsadida joriy yil boshida mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyanomasi asosida 40 million soʻm kredit mablagʻi ajratilgani ham yosh tadbirkor uchun muhim moddiy madad boʻlib xizmat qilmoqda.
Yosh hunarmand hozirda buyurtma asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan oyiga oʻrtacha hisobda 12 million soʻm sof daromad olishga erishmoqda. "Mahalladoshlarimizning yaxshi kunlarida foydalanadigan uy-roʻzgʻor jihozlarini tayyorlab berayotganimizdan faxrlanaman. Maqsadim faoliyatimni kengaytirib, shogirdlar koʻpaytirish, moddiy manfaatdorlikni yanada oshirish", — deydi siyozpoyonlik yosh tadbirkor Sardor Toyirov.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






