Qorakoʻl: Chovli mahallasidagi “Uniteks” MCHJ imkoniyatlarini kengaytirmoqda
2025-10-24 14:45:00 / Yangiliklar

Birgina sobiq kasb-hunar kolleji yonidagi mazkur korxona tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, dastlabki bosqichda 50 nafar chevarni ishli qilgan boʻlsa, bugunga kelib 200 nafar ish oʻrni yaratilgani, bosqichma-bosqich fabrika sexlari tikuvchi chevarlar bilan toʻldirib borilayotgani maqsadga muvofiq.
Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Uniteks” korxonasi yiliga natura shaklida 500 ming dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻlib, iqtisodiy quvvati 3,5 milliard soʻmni tashkil etadi. Mahsulotlar asosan ichki bozor ehtiyojini qondirishga yoʻnaltirilmoqda. Bunda xavfsiz mehnat sharoitlari, oylik maosh miqdori, ish grafigi va dam olish imkoniyatlari ham ishchi-mutaxassislar talab va takliflari asosida yaratilgan.
—Avval ishsiz va uyda bekor oʻtirgandim, “Uniteks” korxonasida ish boshlaganimdan soʻng turmushim yaxshilandi, oilamga qoʻshimcha daromad olib kirdim,—deydi chevarlardan biri Feruza Beshimova.— Bu yerda zamonaviy tikuv mashinalari, qulay ish muhiti bor. Oylik daromadim oyiga 4 million soʻmgacha yetmoqda. Roʻzgʻorimiz kam-koʻsti shu mehnatimiz bilan qoplanmoqda.
Shu kunlarda “Uniteks” MCHJda ish oʻrinlarini kengaytirish, mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish barobarida moddiy manfaatdorlikni oshirish imkoniyatlari izlanmoqda. Bu esa ishda samaradorligini oshirish, sifatli va raqobatbardosh mahsulot tayyorlab, buyurtmalarni koʻpaytirish uchun qulay muhit yaratadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









