Oʻzbek tili bayrami Buxoroda ham keng tantana qilinmoqda
2025-10-21 14:00:00 / Yangiliklar

Xalqimizning koʻp asrlik boy tarixi, koʻhna va serqirra madaniyati oʻzbek tili taʼsirida shakllangan. Ulugʻ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan.
1989-yil 21-oktabrda ona tilimizga davlat tili maqomi berildi, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi tarixiy Qonuni qabul qilindi. Bu – fikrni erkin bayon qilish huquqi va katta imkoniyat – ona tilida gapirish, ish yuritish, ijod qilish demakdir.
1989-yilda qabul qilingan Qonunga asosan oʻzbek tili Oʻzbekiston Respublikasida yagona davlat tili sifatida tan olindi. 1995-yil 21-dekabrda Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. 2020-yilda 23-martda esa 21-oktabr sanasini Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilash toʻgʻrisida Qonun qabul qilindi.
Zero, hurmatli Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir”.
21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan Buxoro shahridagi Yoshlar markazida “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan ona tilim” deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Yoshlar markazi foyesi mavzuga mos dekoratsiyalar, hunarmandchilik mahsulotlari bilan bezatildi. Bir tomonda teatr qahramonlari, bir tomonda musiqa ijrochilari, yana bir tomonda kitoblar koʻrgazmasi madaniy-maʼrifiy bu tadbirga fayz qoʻshdi.
Asosiy bayram tadbirida viloyat hokimligi mutasaddilari, taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, sanʼatkorlar, jurnalistlar, yoshlar, pedagog xodimlar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, talabalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan viloyat hokimining yoʻllagan bayram tabrigini tadbir qatnashchilariga viloyat hokimining oʻrinbosari Baxtiyor Adilov oʻqib eshittirdi.
Eʼtirof etilganidek, 21-oktabr - Oʻzbek tili bayrami kuni hamda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligini yurtdoshlarimiz zoʻr tantana bilan nishonlamoqdalar.
Yurtimizda davlat tili asoslarini chuqur va atroflicha oʻrganishni taʼminlash uchun 70 ga yaqin nomdagi qomus, lugʻat va qoʻllanmalar koʻp ming nusxalarda chop etilgani, birgina joriy yilda viloyatimizda 8 mingga yaqin geografik obyektning nomi davlat reestriga kiritilgani, shahar va tumanlarimiz koʻchalaridagi 10 mingdan ziyod tashqi yozuvlar davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirilgani bu borada erishilgan munosib yutuqlardir.
Yangi paydo boʻlayotgan soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritishni tizimli yoʻlga qoʻyish uchun respublika Atamalar komissiyasiga viloyatimiz olimlari va mutaxassislari tomonidan 200 ga yaqin taklif taqdim etilgan.
Ayni kunda viloyatimizdagi oliy oʻquv yurtlarida yuzga yaqin olimlarimiz ona tilimiz tadqiqiga oid ilmiy ishlarini olib borishmoqda. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash boʻyicha viloyat komissiyasi tomonidan joriy yilning oʻzida ikki mingdan ortiq aholi punktlari tarixiy nomlari qayta tiklanib, davlat reestr bazasiga kiritildi.
Qolaversa, 2025-yil 1-yanvardan boshlab umumtaʼlim maktablarida milliy sertifikatga ega boʻlgan oʻzbek tili oʻqituvchilariga maoshining 50 foizi miqdorida oylik ustama haq toʻlanishi ona tilimiz fidoyilarining sharafli mehnatini ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda.
Tadbir mazmunan – mohiyatiga koʻra keng qamrovli, mazmunli boʻlib, bundan 36 yil muqaddam oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim qadamlaridan biri boʻlganligi, “Davlat tili haqida”gi Qonun ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratganligi taʼkidlandi.
Tadbirda namoyish etilgan badiiy-musiqiy kompozitsion dastur bayram ruhiyatini yanada oshirdi. Oʻzbek tili madhiga bagʻishlangan sheʼrlar oʻqildi, qoʻshiqlar ijro etildi. Ayniqsa, viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan sahnalashtirilgan sahna namoyishi yigʻilganlarda ulkan taassurot qoldirdi.
Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar, koʻrik-tanlov hamda viktorinalar shahar va tumanlarimizda davom etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









