Shofirkon: Sharipovlar oilaviy sulolasi qorakoʻl teridan mahsulot assortimentini 30 taga yetkazmoqda
2025-10-09 16:40:00 / Yangiliklar

Sharipovlar oilasi azaldan terichilik va milliy hunarmandchilik bilan shugʻullanib keladi. Oilaning ulugʻlaridan biri Qodir bobo Sharipov yoshligidan terini oshlash, uni sifatli tayyorlash sirlarini oʻrganib, oʻz mehnatkashligi va sabr-toqati bilan bu sohada oʻz tajriba maktabini yaratgan. Bugunga kelib esa uning avlodlaridan Toyir bobo Sharipov, Nazir Toyirov, Nodir Sharipovlar bu qadimiy hunarni zamonaviy uslubda davom ettirmoqdalar.
Sharipovlar oilaviy ustaxonasida bugunga kelib qorakoʻli teridan 30 tadan ortiq turdagi mahsulot tayyorlanayotgan boʻlib, ular orasida bosh kiyimlar, joynamoz, soʻzana, palto, kamzul, oyoq kiyimlar va boshqa, qoʻy terisidan tayyorlanadigan milliy mahsulotlar bor. Bunda ish jarayoni toʻliq tabiiy mehnat, qoʻl kuchi asosida amalga oshiriladi: qorakoʻli qoʻy terisi mahalliy choʻpon-choʻliqlardan olinadi, oila aʼzolari tomonidan oshlanadi va tayyor mahsulot holiga keltiriladi.
Mazkur faoliyat nafaqat hunarmandchilik, balki ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirkorlik yoʻnalishi hamdir. Ayniqsa, kuz oylarida, asosiy ishlab chiqarish mavsumida ustaxonada 10 ga yaqin mahalliy fuqaro ish bilan taʼminlanadi. Har bir ishchi mavsum davomida oʻrtacha 6–7 million soʻm daromad topadi. Bu esa nafaqat bir oila, balki mahallaning iqtisodiy barqarorligiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Sharipovlar oilasi tomonidan tayyorlanayotgan qoʻl mehnati namunalari hozirda nafaqat viloyat yoxud respublika bozorlarida, balki xorijda ham oʻz xaridorlarini topgan. Ularning mahsulotlari Turkiya, Eron, Rossiya kabi davlatlarga eksport qilinayotgani milliy hunarmandchiligimizning xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilayotgani dalolati.
Shofirkon tumanidagi ana shunday namunali oilalar, intilishi, hunarga boʻlgan qiziqishi va harakati bilan qadimiy hunarni avloddan-avlodga oʻtkazib kelayotgan mirishkorlar myehnatiga qoyil qolmay iloji yoʻq. Kuni kecha “Xalq banki” viloyat filiali rahbarining ayollar va oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻrinbosari Nargiza Latipova hamda boshqa masʼullardan iborat ishchi guruhi mazkur oila ish faoliyati, ustaxonadagi kundalik jarayon, ishlab chiqarish hajmi, mavjud muammolar bilan tanishdi. Ular hunarmandlarga faoliyatni kengaytirish, marketing va eksport salohiyatini oshirishda amaliy koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Zero, shofirkonlik Sharipovlar oilasi faoliyati yosh avlod uchun ibratdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









