Buxorolik ustoz-murabbiylar sharaflandi
2025-09-30 16:55:00 / Yangiliklar

Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, eʼzoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi oʻqituvchisiga boʻlgan hurmat abadiy muhrlanadi. Hayot bor ekan, oʻqituvchilik kasbi oʻzining maʼno-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yoʻqotmaydi. Zero, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda: “Ustozlar – dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yoʻlida chinakam fidoyilik koʻrsatib mehnat qilayotgan ulugʻ insonlardir!”.
1-oktyabr—Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Buxoroda soha fidoyilarini sharaflash tadbiri “Sahid Zarafshon” tantanalar saroyida boʻlib oʻtdi. Tantanaga fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat, sport sohalarida uzoq yillar yosh avlod taʼlim-tarbiyasida beminnat xizmat qilgan faxriy ustozlar, ilgʻor yosh pedagog va murabbiylar taklif etildi.
Viloyat hokimi Botir Zaripovning buxorolik fidoyi oʻqituvchi-pedagoglarga yoʻllagan bayram tabrigini viloyat hokimining oʻrinbosari Baxtiyor Adilov oʻqib eshittirdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda taʼlim sohasi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida rivojlantiriladigan dolzarb jabhalardan biri sifatida belgilangan. Viloyatimizda ham bu ustuvor gʻoya sohani tubdan isloh qilishda oʻziga xos dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Jumladan, soʻnggi yillarda viloyatimizdagi taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida ham keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirildi. Jumladan, birgina shu yilning oʻzida viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi uchun 94 ta taʼlim muassasasida qurilish-taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlariga umumiy qiymati 226 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi asosida 20 dan ortiq muassasalarda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi, “Tashabbusli byudjet” loyihalarining aksariyat qismi aynan taʼlim muassasalari infratuzilmasini rivojlantirishga yoʻnaltirilmoqda.
Bu saʼy-harakat ayni kunda viloyatimizdagi 2 900 dan ortiq taʼlim dargohida masʼuliyatli kasb faoliyatini olib borayotgan 50 mingdan ortiq pedagog-xodimga munosib shart-sharoitni yaratish, barkamol avlod vakillarining talab darajasida bilim olishlarini taʼminlash uchun amalga oshirilayotgani bilan beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Bunga javoban buxorolik oʻquvchi-yoshlar xalqaro fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, faxrli oʻrin va medallarni qoʻlga kiritishmoqda, nufuzli sanʼat festivallari va tanlovlari, xalqaro sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlishmoqda. Joriy yilda Xalqaro va respublika fan olimpiadalarida 40 dan ortiq sovrinli oʻrin qoʻlga kiritildi, joriy yilda oʻtkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan bitiruvchilar oʻrtacha 96 ball toʻplab, respublikada eng yuqori koʻrsatkich, yaʼni 1-oʻrinni qayd etdi.
Hayotimizdagi har bir omadli qadam, har bir muvaffaqiyat zamirida ustozlarimizning mashaqqatli mehnati, tinimsiz izlanishlari mujassamdir. Shu bois, davlatimizda pedagog xodimlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, mehnatini ragʻbatlantirish, ish haqini oshirish, oʻz sohasida jonkuyarlik va fidoyilik koʻrsatayotgan pedagoglarni Vatanimizning yuksak unvonlari, orden-medallari va mukofotlari bilan taqdirlash oʻziga xos anʼanaga aylangani quvonarli, albatta.
Shuni inobatga olib, samarali mehnati orqali Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qoʻshayotgan jonbozligi, ilm-fan, sport, sanʼat, maʼrifat va madaniyatni rivojlantirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosini taʼminlashga qoʻshgan munosib hissasi, faolligi va yuksak insoniy fazilatlari bilan namuna boʻlayotgan bir guruh pedagog va murabbiylarga viloyat hokimligining tashakkurnomasi hamda qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.
Tadbir viloyatimiz sanʼat ustalari, yosh ijrochilarning konsert dasturiga ulandi. Oʻqituvchi va murabbiylarni sharaflash tadbirlari viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









