Buxoro shahrida tunu kun “ishlaydigan” yana bir koʻcha tashkil qilinadi
2025-09-24 18:30:00 / Yangiliklar

Bundan maqsad hududlarni kompleks rivojlantirish, yuqori iqtisodiy oʻsishga erishish, biznes muhitini yanada yaxshilash, oʻsish nuqtalarini ishga solish, “yashil” tamoyil va yondashuvlarni keng joriy etish orqali aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishdir.
Shuningdek, har bir shahar va tumanda hudud iqtisodiy oʻsishiga turtki beruvchi sanoat, qishloq xoʻjaligi hamda xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida 2025-yilga moʻljallangan muhim “drayver” loyihalar ishlab chiqilib, manzilli roʻyxati tasdiqlangan.
Buxoro shahrida tasdiqlangan shunday “drayver” loyihalarga binoan amaliy chora-tadbirlarga allaqachon kirishilgan. Loyihalardan biri viloyat markazidagi “Nizomiy Ganjaviy” mahalla fuqarolar yigʻini Sadriddin Ayniy koʻchasida “24/7” rejimda tunu kun “ishlaydigan” koʻcha hisoblanadi.
Xizmat koʻrsatish yoʻnalishida faoliyat yuritadigan mazkur koʻchada infratuzilma tadbirlarini amalga oshirish uchun qiymati 2 milliard 894 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Ushbu sarmoya hisobidan koʻchaga elektr transformator oʻrnatish, 230 metr masofaga elektr tarmogʻini oʻrnatish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini bajarish, yoʻl boʻyida 230 metr masofaga zamonaviy (manzarali) yoritgich chiroqlari (ilyuminatsiya) oʻrnatish, oqava quvuri, piyodalar yoʻlagi qurish, koʻcha chiroqlari hamda manzarali (dekorativ) chiroqlar oʻrnatish, bolalar maydonchasi hamda vorkaut, yoʻlaklarni bezaktosh—“bruschatka” bilan koplash, “besedka” qurish ishlari koʻzda tutilgan.
Muhimi, bu saʼy-harakat natijasida koʻchada 26 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil qilinib, daromadbop xizmat koʻrsatish tizimi yaratiladi. Shuningdek, 24 ta koʻchma savdo shahobchasi tashkil qilinadi, 50 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Mahalliy byudjetga esa qoʻshimcha 500 million soʻm soliq tushimi tushishiga erishiladi.
Mazkur biznes loyiha nafaqat Buxoro shahri turizm salohiyatini oshirish, balki, mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish va xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yoʻlga qoʻyilmoqda. Hududda belgilangan qurilish-tiklash, obodonlashtirish, jihozlash ishlarini yaqin oylarda yakuniga yetkazib, koʻchani “ishga tushirish” maqsad qilingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








