Kogon: sorgʻunlik chevarlar ham bugun oʻz sexiga ega boʻlmoqda
2025-09-04 12:10:00 / Yangiliklar

Ochigʻi, 4-5 yil burun Sorgʻun ijtimoiy ogʻir hududlar qatorida qayd qilingan, odamlar tashvish-muammolari yigʻilib qolgan mahallalardan biri edi. Soʻnggi yillarda “Obod xonadon, obod koʻcha, obod mahalla” dasturi doirasida bu manzilda ham oʻzgarish va yangilanishlar jarayoni boshlanganidan soʻng ahvol mutlaqo oʻzgardi.
Taʼmirtalab, yozda changi osmonu falakka oʻrlaydigan tuproq koʻchalar asfaltlashtirildi. Yoʻlning qariyb 3 kilometr qismi betonlashtirildi. Piyodalar yoʻlakchalari barpo etildi. Mahalla guzari rekonstruksiya qilindi. Yoshlar uchun Workout maydonchasi qurildi. Mahallaning yangi binosi qurib berildi. Sartaroshxona, ayollar goʻzallik saloni, tikuvchilik sexi, savdo shoxobchalari ishga tushirildi. Mahalla tarixida ilk bor oilaviy shifokorlik punkti ish boshladi.
Maktab va maktabgacha tashkilotini aytmaysizmi ?! Endilikda 240 oʻrinli bilim dargohi binosi va sport zali qurilishiga 4 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflanganining oʻziyoq koʻp narsani anglatadi. Bundan tashqari, hududda elektr energiyasi, ichimlik suv taʼminoti, ariqlarni tozalash, qabristonlar va yoʻl yoqalarini obodonlashtirish borasida qilingan ishlar ham eʼtiborga loyiq.
Hukumatimiz tomonidan ayollar tadbirkorligi va ishbilarmonligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalardan ilhomlanib, aynan sorgʻunlik xotin-qizlar ham yangidan-yangi tashabbuslarga qoʻl urishmoqda.
Xususan, mahallaning Oynasoz qishlogʻida yashovchi Aziza Fayziyeva ham xonadonida chevarchilik bilan shugʻullanardi. Mohir chevar faoliyatini kengaytirishi hamda mijozlari uchun qulaylik yaratish maqsadida mahalla markazidan bepul joy ajratib berildi.
Ayni damda Aziza Fayziyeva shogirdlari bilan birgalikda mijozlar xohish-istaklaridan kelib chiqib kiyim-kechaklar tikib, yaxshigina daromad koʻrmoqda. Oyiga 5 million soʻmga yaqin daromad koʻrayotgan chevar va uning shogirdlari imkoniyatlarini oshirib, buyurtmalarini koʻpaytirish harakatida. Bunda ularga mahalla maʼmuriyati yaqin koʻmakchi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








