Shofirkon: 4-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi faoliyatiga yuz yil toʻldi
2025-09-02 11:50:00 / Yangiliklar

Bugun maskan pedagogik jamoasi shogirdlari va hamkasblari bilan birgalikda Alisher Navoiy nomidagi 4-sonli umumtaʼlim maktabining 100-yillik shonli tarixini katta faxr va iftixor bilan nishonlamoqdalar. Bu bir asrlik tarix — minglab bitiruvchilar, yuzlab fidoiy ustozlar va bebaho ilmiy-maʼnaviy tajribaning mujassamidir. Taʼlim dorgohining bosib oʻtgan yoʻli, tarixiy bosqichlari, qoʻlga kiritilgan yutuqlari va bugungi zamonaviy taraqqiyot bosqichlari haqida batafsil toʻxtalish joiz, albatta.
Kuni kecha, 4-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi faoliyatiga yuz yil toʻlgani munosabati bilan tashkil qilingan tantanali tadbirda tuman rahbariyati, jamoatchilik vakillari, taʼlim sohasi mehnat faxriylari, pedagog jamoa va ular oʻquvchilari hozir boʻldilar.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi, shoir Shodmon Sulaymon, viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi shoʻba mudiri Halim Rajabzoda, tuman hokimi Alisher Fayzilloyev va boshqalar soʻzga chiqib, bir asrga teng boy tarixiy, taʼbir joiz boʻlsa, nurli yoʻlni bosib oʻtgan taʼlim dargohi pedagog jamoasini samimiy tabrikladilar, bu dargohda saboq olayotgan yoshlar istiqboliga qatʼiy ishonch bildirdilar.
Tarixiga nazar solsak, 1925-yilda maktab oʻzining ilk oʻquvchilarini bagʻriga olgan. Birinchi muallim va maktab sardori sifatida Sharif Rajabov faoliyatini boshlab, navqiron avlodga saboq bergan. 1948-yilda oʻzbek sheʼriyati sultoni Hazrat Alisher Navoiyning 500-yillik yubileyi munosabati bilan taʼlim maskaniga uning nomi berilgan. 1953-yildan boshlab direktorlik lavozimiga asli toshkentlik boʻlgan Bakirkxoʻjayev tayinlangan boʻlsa, keyinchalik, 1958–1989-yillar oraligʻida mazkur maktab rahbarligini Ahad Hasanov, Ismoil Qulmurodov, Sayfulla Narzullayev, Joʻraqul Latipov singari mahalliy mohir muallimlar munosib davom ettirdilar.
Bu yillar mobaynida ilk bor maktabni kumush medal bilan tamomlagan oʻquvchilar — Toshpoʻlat Ahmedov va Ubaydulla Hakimov maktab tarixida muhim oʻrin egallagan. Ilmiy va tarbiyaviy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari — Ergash Niyozov va Hanifa Nazarovalarning xizmatlari alohida eʼtiborga loyiq.
1989-yilda maktabda 1200 nafar oʻquvchi tahsil olgan boʻlsa, ularga 135 nafar oʻqituvchi saboq bergan. Ana shu yili maktabga mehnatsevar va tashabbuskor rahbar Isoq Tolibov direktor etib tayinlangan. Uning rahbarligida maktab ishida koʻplab yangiliklar joriy etilib, ilm-fan yoʻnalishida yuqori natijalarga erishilgan.
Maktab jamoasi 1997-yilda “Umid nihollari” musobaqasida va “Yil maktabi” tanlovida respublika birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2005-yilda fan oʻqituvchilari oʻrtasidagi kompyuter savodxonligi tanlovida viloyatda birinchi oʻrinni egallagan.
Bugunga kelib 4-sonli umumtaʼlim maktabida 1320 nafar oʻquvchi, shuningdek, 129 nafar oʻqituvchi faoliyat yuritmoqda. Ular orasida 60 nafar oliy va birinchi toifali pedagog, 36 nafar xalqaro va milliy sertifikatga ega oʻqituvchi ish olib bormoqda. Ayni kunda taʼlim sifati va oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan eʼtibor tufayli maktab hayoti yangi bosqichga koʻtarilib, sifat koʻrsatkichlari yuqori darajaga yetmoqda.
Soʻnggi yillardagi yutuqlarga toʻxtalsak, 2017-2019-yillarda “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” tanlovining viloyat bosqichida jami 11 nafar oʻqituvchi faxrli oʻrinlarni egallagani munosib yutuqlardan, albatta. 2019-yil “Besh tashabbus maktabda” koʻrik-tanlovida respublikada 1-oʻrin qoʻlga kiritilgan. Xuddi shunday, soʻnggi 5 yilni olsak, 2021–2025-yillar mobaynida maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarning jami 21 nafari oltin medalga loyiq koʻrilgan isteʼdodlardir.
Jumladan, 2024–2025 oʻquv yilida maktabdan 137 nafar bitiruvchi yetishib chiqqan boʻlsa, ulardan 70 nafari davlat oliy taʼlim muassasalariga, 27 nafari xususiy oliygohlarga oʻqishga kirgan. Taʼlim dargohi moddiy-texnik imkoniyatlari, oʻqitish sifatiga eʼtibor kuchaytirilgani natijasida oʻtgan yillirda birgina “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 500 tadan ortiq badiiy kitob, 29 ta interaktiv doska qabul qilinib, oʻtgan asr oltmishinchi va saksoninchi yillarida qurilgan va keyingi paytda taʼmirtalab holga kelgan binolar mukammal taʼmirdan chiqarilgan. Muqaddas dargoh—4-sonli umumtaʼlim maktabini bitirgan isteʼdod egalari xalq xoʻjaligi turli tarmoqlarida samarali ishlab, yurt ravnaqiga baholiqudrat hissa qoʻshmoqdalar. Zero, bu yutuqlarning barchasi—taʼlim dargohida barkamol avlodga saboq bergan mahoratli ustozlar fidokorona mehnati, ular oʻquvchi yoshlarining intiluvchanligi, izlanuvchanligi, erishgan yutuqlari tufaylidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









