Toʻyga toʻyona: “Eko bogʻ” yana buxoroliklar va shahar mehmonlariga bagʻrini ochdi
2025-08-26 14:50:00 / Yangiliklar

Qadim va hamisha navqiron Buxoro shahrida bugun ana shu ulugʻ va tarixiy sanani munosib nishonlash uchun, tabiat va inson uygʻunligini oʻzida mujassam etgan “Eko bogʻ” jamoatchilik vakillari, nuroniylar, viloyat hamda shahar va tumanlar hokimliklari masʼul mutasaddilari, maʼmuriy korxona va tashkilot, idoralar xodimlari, xalq xoʻjaligi turli jabhalarida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, harbiylar, yoshlar, ertamiz egalari bilan gavjum boʻldi.
Eng ulugʻ va eng aziz bayram—mamlakatimiz mustaqilligining qutlugʻ 34 yillik ayyomi oldidan buxoroliklar va shahrimiz mehmonlariga “Eko bogʻ” yana oʻz bagʻrini ochdi. Buxoro xalqaro aeroportiga yaqin manzilda, qariyb 4 gektarga yaqin maydonni egallagan mazkur istirohat bogʻi qadim shaharning yashillikka, dov-daraxtga kon soʻlim maskanlaridan boʻlib, keyingi yillarda biroz eʼtibordan chetda qolgan, taʼmirtalab, parvarishga muhtoj koʻrinishga kelgandi.
Viloyat hokimligi va jamoatchilik tashabbusi bilan keyingi oylarda bu bogʻda obodonlashtirish, taʼmirlash ishlari olib borilib, yurtdoshlarimizga soʻlim, bahavo maskanda miriqib hordiq chiqarishlari, oilaviy sayr qilishlari uchun zarur shart-sharoit yaratilgani tahsinga loyiq, albatta. Oʻnlab dov-daraxt, butalar, majnuntollar, archaning bir necha turi, tut, chinor, katalpa, akatsiya, shuningdek, turfa gullar bilan burkangan bogʻ markazidagi muhtasham favvora zilol suvi bilan atrofga oʻziga xos salqinlik bagʻishlamoqda.
Bugun mazkur “Eko bogʻ” ochilishi munosabati bilan unda madaniy-maʼrifiy, harbiy-sport va koʻngilochar tadbirlar boʻlib oʻtdi. Jumladan, mehnat va bandlikka koʻmak berish maqsadida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi, yoshlar ijodi va iqtidorini namoyon etadigan “Barkamol avlod” markazlari toʻgaraklari yosh isteʼdod egalari ijodiy mahsulotlari, oliy taʼlim muassasalari ilmiy ishlanmalari, olimlar va iqtidorli talabalar innovatsion kashfiyotlari va mahalliy mahsulotlar, shuningdek, arzonlashtirilgan kitob va oʻquv qurollari koʻrgazmalari, harbiylar tomonidan tayyorlangan koʻrgazmali chiqishlar, xalq amaliy sanʼatining turfa hunarmandchilik namunalari, kashtadoʻz, zardoʻz chevarlar, holvapaz-qandolatpazlar, qolaversa, alohida bezatilgan mahallalar pavilyonlari hech bir yurtdoshimizni befarq qoldirmadi.
“Eko bogʻ” ochilishiga bagʻishlangan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, viloyat jamoatchiligi, barcha buxoroliklar va yoshlarni mamlakatimiz mustaqilligi arafasida ishga tushirilayotgan soʻlim maskan, yurtdoshlarimiz emin-erkin oilalari, farzandlari bilan sayr qilib, koʻngilli hordiq chiqaradigan bogʻ bilan muborakbod etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi Mohira Tosheva, xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Jamol Ashurovlar koʻhna va hamisha navqiron Buxoroda yuz berayotgan yangilanishlar, shaharning yaqin oʻtmishi va bugungi jamoli haqida toʻlqinlanib gapirdilar. Bogʻda zarur infratuzilmani yaratishda jonbozlik koʻrsatgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari korxonalariga, shuningdek, masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Kapital qurilish fayz”, “Sinmas”, “Rahmon Jamshid”, “Golden Iran” kabi tadbirkorlik subyektlariga minnatdorlik bildirildi.
Shundan soʻng viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar, jamoatchilik vakillari bogʻda tashkil qilingan koʻrgazma hamda pavilyonlar, ulardagi qoʻl mehnati mahsulotlari bilan yaqindan tanishdilar.
—2025-yil 15-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Qarorda 2030-yilda 3,3 million nafar maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsad qilingan,—deydi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat kengashi raisining oʻrinbosari Jahongir Sharipov.—Shuningdek, 4,2 million nafar umumiy oʻrta taʼlim tizimi tashkilotlari oʻquvchilarida ekologik taʼlim-tarbiyani mustahkamlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish koʻzda tutilgan.
Mazkur qaror bilan 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya 2027-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan har 2 yil muddatga tasdiqlanadigan alohida “yoʻl xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Joriy yildan boshlab har yili aholining turli qatlamlari, talabalar va oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionati hamda har oyda bir marotaba “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlari oʻtkaziladi.
Umuman, vohamizning murakkab iqlim sharoitida “Eko bogʻ” kabi soʻlim maskanlarni bunyod etish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini uyushqoqlik bilan davom ettirish, nihol oʻtqazish, daraxt parvarishlashdek xayrli saʼy-harakat Davlatimiz rahbarining bu boradagi tashabbuslari, yuqoridagi qarorga munosib javobdir. Endilikda viloyatning har bir tumanida yurtdoshlarimiz uchun xuddi shunday soʻlim bogʻlarni barpo qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlanmoqda.
“Eko bogʻ”da kun tartibidan oʻrin olgan tadbirlar esa bugun oqshomgacha davom etadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









