Olot: Boymurodovlar uy xoʻjaligidagi maʼmurlik koʻplarga ibrat
2025-08-16 10:05:00 / Yangiliklar

Boymurodovlar xonadoni 15 sotixdan iborat tomorqasiga ega. Bu yerni obod qilib, har yili moʻl hosil yetishtirayotgan mirishkorlar uy xoʻjaligida bor imkoniyatdan unumli foydalanilayotgani tahsinga loyiq. Masalan, bunda qoramol, sigir-buzoq, novvoslar bilan birga 10 boshdan ortiq qoʻy-qoʻzi, 50 boshdan ortiq parranda bilan birga alohida qafaslar tayyorlanib, quyonchilik yoʻlga qoʻyilgan.
Bugunga kelib xonadon sohibining “pahlavon” quyonlari soni 100 boshga yetgan. Holbuki, ikki yil burun bu ish atigi 2 bosh quyon bilan boshlangan. Har bir quyon yiliga 3-4-marta bolalab, oʻrtacha 5-9 ta bolalaydi. Hozirgi kunda quyonlar bozorda 100–150 ming soʻmdan sotilmoqda.
Parrandachilikda ham oʻz tajribasiga ega xonadonda kuniga 20–25 dona tuxum olinayotgani roʻzgʻorga qoʻshimcha daromad, albatta. Ogʻilxonada tuyoq sonini koʻpaytirib, mahsuldorlikni oshirishga eʼtibor qaratilayotgani xoʻjalikda sut, qatiq, sariyogʻ, hatto goʻsht taʼminoti badastirligiga dalil. Balki shu boisdan, tomorqachilikda ham Boymurodovlar koʻplab oilalarga namuna boʻla oladi.
Hozirda ikki sotix maydonda kechki sabzi, ikki sotix yerda piyoz, loviya, uch sotixda kartoshka va oshqovoq yetishtirilib, ehtiyojga yarasha zahira qilingan.
Darvoqe, bu oila oʻtgan yili imtiyozli ravishda 7 million soʻm kredit mablagʻi asosida issiqxona qurib, bir mavsumdagi dehqonchilikdan 10 million soʻm atrofida daromad olishga muvaffaq boʻldi. Kartoshka, pomidor hosilidan keyin hozirda bulgʻor qalampiri va loviya ekib yetishtirilmoqda.
Boymurodovlar hovli-joyi dov-daraxtlarga boy. Moʻjaz bogʻda yuz tupga yaqin mevali daraxt—shaftoli, olma, hurmo, nok, behi, anor, shuningdek, turli navlarga xos tokzor parvarishlanmoqda. Unda oʻttizga yaqin tok parvarishidan har yili barakali hosil olinmoqda.
Zero, xonadon egasi Islom Boymurodov taʼbiri bilan aytganda: “Farzandlarim, nabiralarim oʻzimizni yerda yetishtirgan mahsulotlardan bahramand boʻlsa, koʻnglim yayraydi, bu hisni hech bir soʻz bilan ifodalash mushkul”.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







