Shofirkon: zamonaviy andozada, besh qavatli tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi
2025-08-15 10:15:00 / Yangiliklar

Inshoot tantanali ochilishida respublika sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari, tuman hokimi Alisher Fayzilloyev va boshqa masʼullar, tibbiyot birlashmasi xodimlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Yangi tibbiyot birlashmasi binosi besh qavatdan iborat boʻlib, 270 oʻringa moʻljallangan. Unda ilgari alohida joylashgan barcha davolash boʻlimlari yagona markazda umumlashtirildi. Bu esa bemorlarga koʻrsatilayotgan xizmat sifatini yanada oshirish, tibbiy xizmatlarni kompleks tarzda, bir joyda amalga oshirish imkonini beradi. Binoda zamonaviy laboratoriyalar, tibbiy diagnostika xonalari, reanimatsiya va jarrohlik boʻlimlari, bemorlar uchun shinam palatalar, shifokorlar uchun barcha zarur jihozlar bilan taʼminlangan ish xonalar mavjud. Shuningdek, bu yerda aholi uchun ambulator xizmatlar ham koʻrsatiladi.
Qiymati 47 milliard 335 million soʻmlik loyiha doirasida barpo qilingan inshoot yertoʻlasida yordamchi boʻlimlar, birinchi qavatda qabul va diagnostika boʻlimlari, raqamli rentgen, MRT, MSKT tekshiruvlari joylashtirilgan. Ikkinchi qavatda 17 oʻrinli anesteziologiya-reanimatsiya, 10 oʻrinli shoshilinch jarrohlik, 15 oʻrinli rejali jarrohlik, 15 oʻrinli otoloringologiya boʻlimlari tashkil etilgan.
Bino uchinchi qavatida 10 oʻrinli shoshilinch pediatriya, 10 oʻrinli shoshilinch terapiya, 25 oʻrinli bolalar boʻlimi, 6 ta bolalar anesteziologiyasi reanimatsiya, toʻrtinchi qavatda 90 oʻrinli tugʻruq majmuasi, beshinchi qavatda esa har bir boʻlim 20 oʻringa mos ravishda kardilogiya, endokrinologiya, terapiya hamda nevrologiya boʻlimlari tashkil qilingan.
Tantanali tadbirda sogʻliqni saqlash vaziri va boshqa mutasaddilar yangi binoda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar. Ular tibbiy uskunalarning sifati, xizmat koʻrsatish tizimi, xodimlar uchun yaratilgan qulayliklar boʻyicha mutaxassislar bilan suhbatlashdilar.
Tadbirda tibbiyot birlashmasining barpo etilishida munosib hissa qoʻshgan quruvchilar, muhandis va loyiha rahbarlariga minnatdorchilik izhor etilib, ularga toʻn kiydirildi. Albatta, bu sohada fidokorona mehnat qilayotgan binokorlarga hurmat va ehtirom ifodasi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








