Olot: Vafo Ikromov xonadonida 500 bosh parranda parvarishlanmoqda
2025-07-29 11:55:00 / Yangiliklar

Hozirda parrandachilik istiqbolli va chorvachilikdagi asosiy yoʻnalish ekani tan olinadi. Buning sabablardan biri parrandalarni saqlash uchun inshootlarning oddiy boʻlishidir. Bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlarida parrandachilikka katta eʼtibor qaratilmoqda. Chunki aynan parrandachilik aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda ulkan ahamiyat kasb etib, qishloqlarda odamlarning ish bilan band boʻlishiga katta hissa qoʻshadi. Shu jihatdan olib qaraganda, mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, buning uchun zarur huquqiy asoslar yaratilayotgani diqqatga sazovor.
“Yoshbotir” mahallasi Boʻston qishlogʻida istiqomat qiluvchi Vafo Ikromov oilasi bunga misol boʻla oladi.
Vafo Ikromov bundan ikki yil avval atigi 20 bosh parranda bilan ish boshlagan edi. Boshlangʻich bosqichda zotdor kulangi xoʻrozlarga boʻlgan qiziqish bugun 500 boshga yaqin parranda boqishga olib keldi.
Ayni paytda xonadonda 200 bosh “Qora shahzoda” zotiga mansub tovuq, 100 dan ortiq oq “Big-6” zotiga mansub kurkalar va koʻpaytirish maqsadida boqilayotgan 50 bosh kurka hamda 100 dan ortiq joʻjalar mavjud.
Parrandachilik nafaqat tuxum, balki goʻsht yetishtirishda ham daromad manbai hisoblanadi. Oilada boqilayotgan kurkalardan birini 3–4 oy mobaynida oziqlantirish orqali 15 kilogrammgacha goʻsht olishga erishilmoqda. Ayni paytda 100 bosh kurka 1–2 oy ichida soʻyishga tayyor holatga keladi. Bu esa oila tomonidan 2 tonnaga yaqin parranda goʻshti bozorga yetkazilishi rejalashtirilganini anglatadi.
— Mehnatimiz samarasini har kuni his qilamiz. Oʻrtacha kuniga 100 dona tuxum olamiz. Bahorning ilk oylaridan beri tuxumga talab yuqori. Koʻplar aynan koʻpaytirish maqsadida izlab kelishadi, qoʻshni mahallalardan ham mijozlarimiz bor. Kurka goʻshti yengil hisoblanadi. Uni koʻpchilik hush koʻradi. Kelgusida parrandalar sonini 2 ming boshga yetkazish niyatidamiz,— deydi Vafo Ikromov.
Ikromovlar oilaviy faoliyati qisqa muddatda daromad keltiruvchi muvaffaqiyatli tashabbuslardan biri sifatida ommalashtirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








