Kogon tumanining “Qasri Orifon” qishlogʻiga rasman “turizm qishlogʻi” maqomi berildi
2025-07-23 17:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda mamlakatimizda turizm sohasiga berilayotgan eʼtibor, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm qishloqlari orqali hududlar iqtisodiyoti va jozibadorligini oshirish imkoniyatlariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Taʼkidlash joizki, mazkur qishloq qadimiy tarixiy obidalari, ziyoratgohlar va milliy anʼanalarni saqlab kelayotganligi bilan alohida ajralib turadi. Ayniqsa, “Qasri Orifon” qishlogʻi mashhur avliyo Bahouddin Naqshband maqbarasiga yaqin joylashgani bilan ham koʻplab sayyohlar eʼtiborini tortmoqda. Yil davomida bu yerga minglab mahalliy va xorijiy mehmonlar tashrif buyuradi. Albatta, bu kabi turizm qishloqlari nafaqat sayyohlar uchun yangi manzillar, balki mahalliy aholi uchun barqaror daromad manbai, madaniy merosimizni asrab-avaylash va targʻib etishning samarali usulidir.
Tadbir doirasida Turizm qoʻmitasi tomonidan “Qasri Orifon” qishlogʻiga “turizm qishlogʻi” maqomi berilganligi toʻgʻrisidagi sertifikat tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida turizm qishlogʻida yangi tashkil etilgan turistik obyektlar bilan tanishtirish maqsadida turizm sohasi vakillari uchun infotur tashkil etildi. Mehmonlar qishloqdagi zamonaviy infratuzilma, mehmon uylari, hunarmandchilik ustaxonalari va boshqa turistik imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar Bahovuddin Naqshband majmuasini ziyorat qilishdi. Shu joyda Qurʼon tilovat qilinib, duoga qoʻl ochishdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









