Olotdagi “qum va tuz bilan davolash maskani” haqida bilasizmi?
2025-07-01 19:45:00 / Yangiliklar

Tuman markazidan 24 kilometr olisda, "Arabxona" mahallasida, choʻl bagʻridagi tuzli suv havzasi va qum barxanlari oraligʻida tashkil etilgan bu maskan davlat-xususiy sherikchilik asosida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, xalq tabobati usullariga tayangan holda aholi salomatligini tiklashga xizmat qilmoqda.
Tabiiy maskanda qumli “vanna”lar, tuz kristallari, qora balchiq bilan davolash kabi muolajalar tartibi ishlab chiqilgan boʻlib, malakali mutaxassislar nazorati ostida amalga oshiriladi. Ayniqsa, choʻl qumiga 10-15 daqiqa davomida koʻmilish, soʻng 20-30 daqiqa tuz ustida yotish orqali turli xastaliklarni tabiiy usulda yengib oʻtish imkoniyati yaratilgan.
Bu hudud oʻzining qadimiy tuz koʻli qoldiqlari bilan mashhur boʻlib, faqatgina yoz fasli jaziramasida, iyun, iyul va avgust oylarida faoliyat yuritadi. Aynan saraton oyining jazirama kunlarida, 40-50 darajagacha yetadigan harorat shifo izlab keluvchilar uchun ayni muddao hisoblanadi.
Bugunga kelib maskanda 30 dan ortiq oʻtov oʻrnatilgan boʻlib, mehmonlarga zarur shart-sharoit yaratilgan. Qum va tuz bilan tabiiy usulda davolanishdan tashqari, gigiyena qoidalariga mos tansiq taomlar ham taklif etilmoqda.
Mehmonlar bu yerda nafaqat sogʻligʻini tiklaydi, balki choʻl bagʻrida osoyishta dam olib, ekologik toza muhitda vaqt oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Kelgusida maskan faoliyatini kengaytirish, echki va tuya suti bilan davolash shoxobchalarini tashkil qilish, salqin oʻrindiqlar, yuvinish xonalari, tibbiyot punkti va avtoturargoh qurish kabi rejalashtirilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, mazkur maskanni ichki turizm marshrut-yoʻnalishiga kiritish va tashrif buyuruvchilar sonini oshirish boʻyicha ham tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









