“Gʻalla-2025”: Zafar muborak, gʻijduvonlik gʻallakorlar!
2025-06-28 13:00:00 / Yangiliklar

Aholining oziq-ovqat mahsulotlariga, ayniqsa, nonga boʻlgan talab va ehtiyojlarini qondirish maqsadida mamlakatimiz boʻylab ekin yeri yil sayin oshirilayotgan bir paytda hududda joriy yil rizq–roʻzi manbai uchun ekin maydoni 5246 gektarga yetkazilib, unda “Starshina”, “Grom”, “Alekseevich” va boshqa navlarga mansub sara bugʻdoy ekib yetishtirildi. Shundan, 3 ming 485 gektardagi boshoqli don gʻoʻza qator orasiga ekib yetishtirilgan.
Gʻijduvonlik dehqon-mirishkorlarning astoydil qilgan mehnati, xususan, Sarmijon, Zarafshon, Gulistonobod, Oqgul, Gʻishti, Soktari, Pozagari kabi 14 ta hududda vaqt bilan hisoblashmasdan faoliyat yuritayotgan fermer xoʻjaliklari va ular jamoalari qoʻl kuchi bilan gʻallakorlikda barakali hosil yetishtirildi. Qabul maskanlarida saranjomlangan sara bugʻdoy hosili salmogʻi 15 ming 823 tonnadan oshdi. Bu degani, shuncha miqdorda rizq-roʻz manbai davlat xaridi uchun yetkazilib, vaqtincha saqlash uchun 8166 tonna, davlat jamgʻarmasi uchun 4806 tonna, urugʻlik boshoqli don uchun 2810 tonna mahsulot tayyorlab qoʻyildi.
—Dolzarb palla, gʻalla oʻrim-yigʻimida 19 ta otryad, shuncha yuqori unumdor kombayn va yetmishdan oshiq yuk avtomashinasi kuchidan foydalanilgani, oʻnlab agronomlar zarur tavsiyalari asosida ish olib borilgani tufayli bugun katta mehnat muvaffaqiyatiga erishildi,—deydi Gʻijduvon tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Farhod Jabborov.—Bu mehnat zafarida sohada katta tajribaga ega Orif Qudratov boshchiligidagi “Fazolatli Mubinaxon zamini”, Rauf Rustamov rahbarligidagi “Rustam fayz”, Elbek Asadov qoʻli ostidagi “Farmon Asad agro”, Husniddin Sayfiyev rahbarligidagi “Adolat zamin yogʻdusi”, Quvondiq Hikmatovning “Umar Qurbon quvonchi”, Oʻktam Qayumovning “Oʻktam Qayum”, Dilshod Aslonov boshchiligidagi “Dilshod-2000” kabi ilgʻor fermer xoʻjaliklarining munosib oʻrni bor.
—Dehqonning vaqti hamisha ziq, ayniqsa, hosil pishib yetilganda hasharchilarga ehtiyoj sezadi. Biz ham jamoamiz bilan bu yil 38 gektarda sara bugʻdoy yetishtirib, ayni kunda 125 tonna rizq-roʻz manbaini davlat omboriga topshirdik,—deydi “Adolat zamini yogʻdusi” fermer xoʻjaligi rahbari Husniddin Sayfiyev.— Bir tomonda – paxta agrotexnik tadbirlari, ikkinchi tomonda – don oʻrim-yigʻimini uyushqoqlik bilan, talofatlarsiz olib borib, yalpi hosil xirmonini 260 tonnaga yetkazishga muvaffaq boʻldik. Shak-shubasiz, buning zamirida mislsiz mehnat va mashaqqat yotibdi. Muhimi, yetishtirgan hosilimiznig deyarli yarmini mehnat jamoamiz bilan baham koʻrmoqdamiz.
Bugun tuman gʻallakorlari mehnat zafarini nishonlayotgan bir paytda gʻalla hosildorligi har gektar maydon hisobidan 77 sentnerni tashkil etmoqda. Fermer xoʻjaliklari ixtiyorida qoldirilayotgan hosil salmogʻi 24 mingdan ziyod, tumanning yalpi gʻalla xirmoni esa 40 ming tonnaga yetkazilayotgani eʼtirofga loyiq, albatta. Umuman, birgina gʻallakorlik sohasida joriy mavsumda erishilayotgan daromad qiymati taxminan 101 milliard soʻm atrofida. Qoʻlga kiritilayotgan muvaffaqiyat va sof foyda esa xoʻjaliklar texnik imkoniyatlarini oshirish, ulardagi mehnat jamoalari, suvchi mexanizatorlar moddiy manfaatdorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Mehnat gʻalabangiz muborak boʻlsin, aziz gʻijduvonlik gʻallakorlar!
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








