Gʻijduvon: Oyoqogʻitma massivida shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi
2025-06-16 14:20:00 / Yangiliklar

Umumiy qiymati 650 million AQSH dollariga teng boʻlgan bu loyihaning amalga oshirilishi tuman aholi isteʼmolchilariga yiliga 1 milliard 800 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu hudud aholi isteʼmolchilarining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondiribgina qolmay, ekologik barqarorlikni taʼminlash va tabiiy gaz sarf-xarajatini kamaytirishga xizmat qiladi. Jumladan, yiliga 500 million kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati vujudga keladi.
Tadbirkor tijoratchilar tumani boʻlgan Gʻijduvonda keyingi yillarda sanoat korxonalari soni oshib bormoqda. Ular hamda turli ijtimoiy soha inshootlari, aholi abonentlarining elektr energiyasiga boʻlgan talabi 300 megovattni tashkil etayotgan boʻlib, bu ehtiyojni qondirishda muqobil energiya manbai muhim oʻrin tutadi, albatta. Vaholanki, yangi shamol elektr stansiyasining quvvati 500 megovatga yetkazilishi hisob-kitob qilingan.
—Bizdagi maʼlumotlarga qaraganda, bu yirik loyihani amalga oshirish oson kechgani yoʻq, — deydi mehnat faxriysi R. Avezov. —Oʻtgan oylar mobaynida choʻl massividagi 280 gektardan oshiq maydonda qurilish-jihozlash, shamol generatorlarini oʻrnatish ishlari olib borildi. Beton ishlab chiqaruvchi ikkita liniya barpo qilingani, hudjudda 79 ta zamonaviy shamol generatori joylashtirilgani, buning uchun 600 nafardan ziyod mutaxassis murakkab choʻl sharoitida mehnat qilgani yuqoridagi fikrimiz dalili.
Shu oʻrinda, yurtimiz “yashil energetika” tarmogʻini rivojlantirish, aholining muqobil energiya manbalardan unumli foydalanishini taʼminlash maqsadida hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakat eʼtirofga loyiq. Mazkur inshootni barpo etishda Saudiya Arabistoni investorlari –“ Acwa Rower” kompaniyasi tadbirkorlarining hissasi katta, albatta.
Shamol elektr stansiyasining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda investorlar, quruvchilar, tuman masʼul mutasaddilari, mehnat faxriylari ishtirok etdilar. Unda soʻz olganlar Buxoro energetikasi tarixidagi bu muhim voqea bilan barchani qutlab, yirik inshoot iqtisodiyotimizni mustahkamlashga, xalqimiz turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
