Shofirkon: Mirzoquldagi namunaviy oʻquv-tajriba ekin yerida ish qizgʻin
2025-05-14 17:30:00 / Yangiliklar

Ichki bozor, aholi talab va ehtiyojiga mos, serdaromad sabzavot, poliz, dukkakli mahsulotlarni ekib yetishtirish, dehqon va tomorqa egalari malakasini oshirish, ularga amaliy bilim va koʻnikmalar berish maqsadida mahalliy hokimlik va fermerlar kengashi tomonidan mazkur loyiha roʻyobga chiqarilgan.
Mazkur tajriba maydonining umumiy hududi 2,7 gektarni tashkil qiladi. Erta bahor kunlaridan bu yerni obdon tayyorlab, 1 gektar yer maydonida plyonka ostida tarvuzning “Nasso”, yana 1 gektar maydonda qovunning “Obi navvot” navi ekilib, parvarishlanmoqda. Pishiqchilik mavsumiga borib bu ekinlardan 80 tonnagacha hosil olinishi, hosildan esa 130 million soʻm atrofida daromadga erishish maqsad qilingan.
Qolgan yer maydoni ham boʻsh qoldirilmasdan, sabzavotlar, xususan, bulgʻor qalampiri, kartoshka, baqlajon, sarimsoqpiyoz kabilar ekib parvarishlanmoqda. Ikkinchi va uchinchi mavum dehqonchilikdan umumiy yillik daromadni 400 million soʻmgacha yetkazish koʻzda tutilgan. Ayni paytda xoʻjalikning oʻnga yaqin ishchisi qoʻl kuchi bilan ekish, parvarishlash, sugʻorish kabi agrotexnik tadbirlar talab darajasida olib borilmoqda.
—Bu kabi tajriba maydonlari oddiy bir yer emas, bu bilim, tajriba, daromad va kelajak uchun ochilgan yoʻldir. Har bir tomorqa egasi ushbu amaliy loyihadan ilhom olib, oʻz hovlisida serdaromad ekinlar orqali avvalo roʻzgʻorini but qilishi, daromad topishi uchun imkoniyat yaratishi zarur,—deydi tuman fermerlar kengashi raisi Uchqun Umarov.—Bu bilan aholining bandligini taʼminlash, tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, yoshlar, xotin-qizlar oʻrtasida oilaviy moddiy manfaatdorlik hissini kuchaytirish, kambagʻallikni qisqartirish muhim omildir. Bir soʻz bilan aytganda, namunaviy oʻquv-tajriba maydoni – bu innovatsion yondashuv asosidagi dehqonchilikning amaliy tajriba xoʻjaligidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








