Botir Zaripov Vobkent tumanidagi “Gʻayrat Chodak”, “Taraqqiyot shoes” va “Lux Pet Plast” korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi, mavjud muammolar oʻrganilib, ularni hal etish yuzasidan vazifalar belgilandi
2025-04-14 20:50:00 / Yangiliklar

Uch-toʻrt yil burun qariyb 500 nafar ishchi-mutaxassis mehnat qilib kelgan, Turkiya, Yaponiya va Italiya texnologiyasi asosida jihozlangan bu korxonada har kuni 5 mingdan ziyod zamonaviy bichimdagi mahsulot tayyorlantgani mahalliy budjetga ham munosib ulush boʻlib qoʻshilgan. Korxona taʼsischilaridan biri Aʼzamjon Norqoʻziyevning aytishicha, korxonaning yuz foiz tayyor mahsuloti eksportga yoʻnaltirilgan. Tayyor kiyim-kechak ayirboshlash hisobidan bu yerdagi mehnat jamoasining moddiy manfaatdorligi oshib borgan.
Viloyat hokimi Botir Zaripov tumanning “Doʻstlik” MFY Gʻafur Gʻulom koʻchasidagi “Gʻayrat Chodak" MCHJda boʻlib, korxona faoliyati, jinsi matosidan shim tikib tayyorlash loyihasi bilan tanishdi.
2019-yil yanvar oyidan ish boshlagan fabrikada bugunga kelib 200 dan ortiq ishchi-mutaxassis mehnat qilayotgan boʻlsa, tabiiyki, ishchi soni bilan birga mahsuldorlik ham keskin kamaygan. Ichki bozorga sifatli mahsulot yetkazib berish hisobidan oʻtgan yili korxona mahalliy budjetga 2,5 milliard soʻmga teng qoʻshimcha tushum kiritgan. Yil davomida esa “Gʻayrat Chodak" MCHJ jamoasi 300 ming dona jensi shim tayyorlab yetkazishi lozim.
Viloyat hokimi Botir Zaripov Vobkent tumani, “Panob” MFY dagi Yangi hayot qishlogʻida faoliyat yuritayotgan “Taraqqiyot shoes” oyoq kiyimi ishlab chiqarish korxonasida boʻldi.
—Yarim gektar maydonni egallagan mazkur tadbirkorlik korxonasi umumiy qiymati 100 ming AQSH dolariga teng boʻlib, shundan 85 ming AQSH dollari tijorat banki kredit sarmoyasidir,—deydi korxona rahbari Sulaymon Turdiyev.—Yiliga 12 ming dona tayyor oyoq kiyimi tikib tayyorlashni zimmamizga olganmiz. Ishlab chiqarish uchun jihozlar va asbob-uskunalar Xitoy davlatidan olib kelingan. Hozirda 10 nafar ishchi mehnat qilayotgan korxonada yil yakuniga borib buyurtmachilarga yetkazib beriladigan mahsulot ayirboshlashdan mahalliy budjetga 6 milliard soʻm ulush qoʻshish maqsad qilingan.
Ikki yil burun bahor oylaridan Vobkent tumani "Rabotoxun" mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat boshlagan "Lux Pet Plast" masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan oʻtgan yilda umumiy qiymati 1,8 milliard soʻmni tashkil etgan PET kapsula ishlab chiqarish liniyasi loyihasi amalga oshirilgan. Ahamiyatli jihati, bugunga kelib unda 10 nafar ishchi bandligi taʼminlanmoqda. Buning uchun oʻtgan yilda tadbirkor tomoni shaxsiy jamgʻarmasidan 8 milliard soʻm, xorijiy kredit liniyasi hisobidan 200 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ sarflangan.
Mazkur korxona tomonidan ikki yildirki, umumiy qiymati 6,7 milliard soʻm, shundan oʻz mablagʻi hisobidan 5,5 milliard soʻm, xorijiy kredit liniyasi hisobidan 107 ming AQSH dollarini tashkil etgan turli oʻlchamdagi plastmassa idishlari ishlab chiqarilib, buyurtmachilarga yetkazilmoqda.
— Tuman markaziga yaqin mahallaning Binokor koʻchasidan qariyb 70 sotix qarovsiz yotgan yer maydonini olib, 2020-yildan sex qurilishini boshlaganmiz, – deydi "LUX PET PLAST" MCHJ rahbari Adham Ilyosov. — Binoni Turkiya va Xitoyning maxsus termoplast uskuna va qoliplari bilan jihozladik. Buning uchun “Kaptalbank” viloyat filiali bilan yaqin hamkorlikda ish yuritib, birinchi bosqichda 300 ming AQSH dollariga teng kredit mablagʻini rasmiylashtirganmiz.
Hozirda mazkur korxonaga Xitoy davlatidan umumiy qiymati 1 million AQSH dollarini tashkil etgan maxsus dastgoh va uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Yelim idish, yaʼni PET kapsula ishlab chiqarish liniyasi turli ichimliklar va maishiy–kimyoviy moddalarni qadoqlash uchun ishlatiladi. Korxona maʼmuriyati esa hademay toʻla quvvatda, yiliga 1,2 million AQSH dollari miqdorida, 400 tonnaga teng hajmdagi tovar ishlab chiqarish harakatida.
Mazkur korxonalar faoliyati bilan joyida tanishgan viloyat hokimi Botir Zaripov masʼullar, shuningdek, hududdagi fuqarolar yigʻinlari maʼmuriyati, mahallalar faollari bilan muloqot qilib, ishlab chiqarish subyektlarida duch kelinayotgan tashvish va muammolar, bank-kredit munosabatlari, xom ashyo xaridi va taʼminoti, ishlab chiqarishni barqaror izga solish, kam daromadli oilalarni qoʻllab-quvvatlashga doir qator tavsiya va topshiriqlarni berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









