Shofirkon: Nuriddin Narziyev bu yil 5 gektar yerda qovun yetishtiradi
2025-03-12 13:55:00 / Yangiliklar
Yaqin-yaqingacha Shofirkon tumani mirishkor bogʻbonlari Jilvon choʻli bagʻridagi tokzorlarda shiraga toʻyinib pishgan sarxil uzumlari, darmondoriga boy mayizi bilan dovrugʻ taratgan boʻlsa, aynan choʻlga tutash manzillarda turfa navli qovun yetishtirishga ham qiziqish kuchli boʻlgan. Aynan Qizilqum etagidagi choʻlquvarlar zaminida quyosh taftida obdon yetilib pishgan qovun-tarvuz viloyat va respublikaga, hatto, qoʻshni mamlakatlar bozoriga yetkazilgan. “Tilimi tilni yoradigan” qovunning navi, xushxoʻr taʼmi, hidigacha quyoshning nafasi, tabiat saxovati, ekib yetishtirgan dehqonning mashaqqati bor, albatta.

Keyingi yillarda “Talisangobod” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Nuriddin Narziyev singari mirishkorlar qovunchilikning eski shon-shuhratini qayta tiklash ilinjida mehnat qilishayotgani tahsinga loyiq. Erta bahordan yer tayyorlab, joʻyak tortib qovun urugʻini qadab parvarishlash u va oila aʼzolariga ham koʻp yillik odatga, sevgan mashgʻulotiga aylangan.
Nuriddin Narziyev uch yildan buyon shu sohada jiddiy harakatga kirishib, yer maydonini 5 gektarga yetkazdi. Oilasi bilan yakdil maqsadi yoʻlida auksion orqali bir tomoni qumlik massivga tutash yerni tasarrufiga olib, ishga kirishdi.
—Qovun yetishtirish faqat urugʻ ekish bilan bitmaydi. Buning uchun yer tanlash, suv taʼminotini yoʻlga qoʻyish, urugʻ va navni sinchiklab tanlash kerak,—deydi mirishkor qovunchi.— Bu yil dalada handalak, “koʻkcha”, “obi novvot” kabi mashhur navlardan ekib yetishtirish harakatidamiz. Bu har birining oʻziga yarasha taʼmi, shirasi, xush boʻyi, bozordagi oʻrni bor. Talab borligi uchun poliz mahsulotimizni nafaqat mahalliy bozorda, balki uzoq oʻlkalarga ham joʻnatib, yaxshi daromad qilishni koʻzlaganmiz.
Narziyevlar oilasi joriy yil hosili uchun ayni kunda 5 gektarli konturni tayyorlash va ekishga qariyb 100 million soʻm sarf-xarajat qilayotgan ekan. Ammo bu hali ishning boshlanishi. Mirishkor polizkorlar har gektaridan 40 tonna atrofida, umumiy yerdan bir mavsumda 200 tonnaga yetkazib hosil olishni maqsad qilishgan. Bundan qoʻlga kiritiladigan daromadni esa xomchoʻt qilish qiyin emas, nazarimizda. Bu nafaqat mashaqqatli mehnat mahsuli, balki tabiat saxovati, polizkorlar tadbirkorligi samarasidir.
Ayni kunda Narziyevlar konturida yer haydab, tekislanib, sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilgan, urugʻ ekilgan joʻyaklar ustidan sellofan tortilib, urugʻ unib chiqishi uchun tadorik koʻrilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








