Botir Zaripov ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar bilan muloqot qildi
2025-03-06 20:15:00 / Yangiliklar

Matbuot anjumanida soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov tadbir qatnashchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, bloger va jurnalistlarni muborak Ramazon oyi, bahor ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, oʻtgan yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shahar va tumanlarda jumladan, qishloq xoʻjaligi, sanoat va ishlab chiqarish, qurilish, sogʻliqni saqlash, yoshlar taʼlimi, sport, investitsiya, sayyohlik sohalarida, boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, joylarda ishsizlikni bartaraf etish, kambagʻallikni qisqartirishda joriy yilda jadal boshlangan saʼy-harakat, roʻyobga chiqarilayotgan loyihalar xususida atroflicha maʼlumot berdi.
Eʼtirof etilganidek, Vatanimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi insonga, uning erkin hayoti, qadr-qimmati va farovonligiga qaratilgan boʻlib, bu borada “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida 100 ta muhim maqsad va yoʻnalish belgilab berilgan. Shundan kelib chiqib, viloyatda aholining turmush tarzini yaxshilash, yangi korxonalarni tashkil qilish, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, turmush tarzini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tahlillardan koʻrinishicha, iqtisodiyot sohasida yalpi hududiy mahsulot hajmi 2024-yil yakuni bilan 71,6 trillion soʻmga yetkazilib, bu koʻrsatkich 2023-yilga nisbatan 106,6 foizga oshishiga erishilgan. Aholi bandligini taʼminlash dasturlari doirasida 2024-yilda jami 236 ming nafar aholining bandligi taʼminlangan. Chunonchi, xorijga chiqib ketgan mehnat migrantlarining 608 nafari tartibli mehnat migratsiyasi bilan qamrab olingan va 3 ming 647 nafar fuqaro mutaxassislikka oʻqitilgan. Bu saʼy-harakat tufayli hududda kambagʻallik darajasini 2023-yildagi 11,8 foizdan 2024-yil yakuni bilan 7,3 foizgacha tushirishga erishilgan.
Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan tadbirkorlarga yaratilgan shart-sharoit va berilgan imkoniyatlarni inobatga olib, tadbirkorlik subyektlari soni viloyatimizda 35,4 mingtaga yetkazilib, bu 2023-yilga nisbatan 10,6 mingtaga koʻpaygan. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 2024-yilda 6,5 trillion soʻm kredit mablagʻi ajratilgan. Muhimi, bugunga kelib 76 ming nafar fuqaro aynan shu korxonalarda mehnat qilishib, moddiy manfaat topishmoqda.
Masalan, yangidan ish boshlagan korxonalar qatorida Buxoro shahridagi "Buxara Nekst jenereyshn produkt" MCHJ ni sanab oʻtish joiz. Bu yerda qiymati 120 million AQSH dollariga teng, quvvati 2 million dona elektrotexnika va maishiy texnika vositalari (televizor, konditsioner, kir yuvish mashinasi, chang yutgich, elektrochoynak va mikrotoʻlqinli pech) ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish hisobiga 2 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Xuddi shunday, Peshku tumanida “Buxoro Peshtex” MCHJ faoliyatini kengaytirib, subyektda qiymati 190,6 milliard soʻmlik, yiliga 5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilgani mahalliy aholi vakillarining 200 nafardan ortigʻini ish bilan bandligini taʼminlamoqda.
Yoki Olot tumanida “Arev Gurleshik” MCHJ qoʻshma korxonasi tomonidan elektr energiyasi taʼminotida transformator punktlari va quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqarishni tashkil qilish loyihasi amaliyotga joriy qilingan. Bu tashabbus doirasida 15,1 million AQSH dollariga teng toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan.
Shuningdek, qurilish-bunyodkorlik sohasida 2024-yilda Buxoro viloyatida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 991,3 milliard soʻm mablagʻ evaziga 137 ta obyektni yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlari bajarilgan. Jumladan, 42 ta umumtaʼlim maktabi, 11 ta maktabgacha taʼlim, 12 ta sogʻliqni saqlash, 1 ta oliy taʼlim muassasasida, 3 ta sport inshootida mukammal taʼmirlash va qurilish ishlari olib borilgan. Ifratuzilma obyektlarini rivojlantirish maqsadida 15 ta ichimlik suv taʼminoti, 9 ta avtomobil yoʻli, 11 ta irrigatsiya, 6 ta melioratsiya inshooti, 6 ta elektr taʼminoti obyekti yangidan qurilgan.
Yana bir muhim tarmoq, oʻtgan yilda viloyatda aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirish maqsadida 127 ta, jami 6010 ta xonadonli koʻp qavatli uy-joy zamonaviy andozalar asosida qurib foydalanishga topshirilgan. Jumladan, Qorakoʻl va Gʻijduvon tumanlaridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida jami 360 xonadonga ega boʻlgan 18 ta koʻp qavatli turar joy inshooti, qolaversa, yangicha tartib va dizayn asosida viloyatimizning boshqa hududlarida 109 ta, jami 5 ming 650 xonadonli koʻp qavatli uy-joy barpo qilinib, asosan yosh oilalarga foydalanishga topshirilgan.
Bundan tashqari, Buxoroda sayyohlik tizimini rivojlantirish, ziyorat turizmi boʻyicha ham katta salohiyat shakllangan. Oʻz navbatida, sayyohlarga zarur infratuzilmani yaratish maqsadida mehmonxonalar soni 607 taga, sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi turistik korxona soni esa 186 taga yetkazilgani munosib yutuqlardan, albatta. Sohadagi islohotlar tufayli vilooyatimizda “Vindham”, “Merkuriy”, “Sahid” kabi xalqaro brendlarga xos boʻlgan 2 ta 4 yulduzli va 4 ta 3 yulduzli mehmonxona qatorida “Hayat Rejensi”, “Hilton”, “Ramada” kabi xalqaro brendlar ish boshlash arafasida.
Yana bir muhim loyihalardan, Bahouddin Naqshband majmuasida 500-600-yil avval bunyod qilingan “Toqi Miyona” ziyorat yoʻlagi qayta tiklandi.
Viloyatimizda tarixiy ahamiyatga ega turizm namoyish inshooti soni esa 300 tadan oshdi. Ziyorat turizm yoʻnalishida Singapurda boʻlib oʻtgan “Halal In Travel — Global Summit 2024” umumjahon sammitida “Halal In Travel — Global Summit2024” mukofoti Buxoroga topshirildi. 2024-yil noyabrda “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida Vobkentda “Shirin” turizm qishlogʻi va Gʻijduvonda “Qoʻrgʻon” turizm mahallasi maqomini oldi. Umuman, hozirda viloyatimizning 9 ta tumanidagi 11 ta hududida “turizm qishlogʻi” tashkil etilishi boʻyicha amaliy saʼy-harakat olib borilmoqda.
Amerikaning mashhur yetakchi “New York tayms” nashri Buxoro shahrini 2025-yilda tashrif buyurishga eng munosib joylar roʻyxatiga kiritdi. Endilikda 2025-yilda Buxoro tarixiy markazida Jahon miqyosida anʼanaga aylangan yirik Xalqaro tasviriy-sanʼat anjumani (biyennalesi)ga tayyorgarlik ishlari boshlangan.
Oʻz navbatida, matbuot anjumanida hozir boʻlgan ommaviy axborot vostalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan qator savollarga viloyat hokimi hamda mutasaddilardan atroflicha javob oldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati