“Himchan” klinikasi Buxoro filiali rahbari Lee Jae Seop Gʻijduvonda boʻldi
2025-02-21 16:30:00 / Yangiliklar

Oʻshanda mazkur shifoxonani tashkil etishda koreyalik investorlarga keng imkoniyat yaratilgan, ularga boʻshab qolgan zamonaviy bino bepul taklif qilingan. Obyektni davolash muassasasiga moslashtirish, taʼmirlash va zarur tibbiyot uskunalari bilan jihozlash maqsadlariga jami 7,1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan.
“Himchan” klinikasi dunyo boʻylab 11 ta filialga ega boʻlib, shulardan 8 tasi Janubiy Koreyada joylashgan. Oʻrta Osiyodagi yagona filiali esa Oʻzbekistonda, Buxoroda joylashgan boʻlib, tibbiyot muassasasi ilgʻor texnologiyalar va koreys tajribasiga asoslangan xizmatlarini taqdim etmoqda.
Tibbiyot muassasasida asosan, ortopediya, travmatologiya (tos-son suyagi boʻgʻimi, tizza boʻgʻimini endoprotezlash), neyroxirurgiya (umurtqa pogʻonasi churrasi, vertoblastika) kasalliklari jarrohlik yoʻli bilan davolanadi. Shuningdek, qoʻshimcha ravishda nevrologiya hamda kardiologiya va endokrinologiya yoʻnalishlari boʻyicha ham bemorlar shifo topadi.
Shifoxona 90 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unda 140 nafardan ziyod malakali vrachlar hamda oʻrta maxsus maʼlumotli tibbiyot xodimlari xizmat koʻrsatadi. Muassasaga viloyatning qator davolash muassasalaridan saralangan holda ishga qabul qilingan ortoped-travmatolog, neyroxirurg, nevrolog, jarroh, terapevt, kardiolog, radiolog, endoskopist, anesteziolog kabi mutaxassislarning katta qismi Janubiy Koreyada malakalarini oshirib qaytishgan.
“Himchan” klinikasi Buxoro filialining rahbari Lee Jae Seop Gʻijduvon tumanida boʻlib, zamonaviy taʼlim, ayniqsa, Koreya maktab taʼlimi, Koreya tibbiyotining rivojlanayotgan tajribasi, u yerda tahsil olish, malaka oshirish, zamonaviy kasblar, arxitektura kabi tajribalarni Oʻzbekistonga tatbiq etish masalalariga bagʻishlangan tadbirda qatnashdi.
Oʻzbekona qabul va mehmondoʻstlik uchun samimiy minnatdorligini bildirgan Lee Jae Seop mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimi rivoj topayotgani, yuqori texnologik tashxis va davolash muolajalarida mahalliy tibbiyot xodimlari, yosh mutaxassislar safi kengayayotgani, bunda Koreya tibbiyotidan ham munosib andoza olinayotganidan mamnunligini izhor etdi. Bundan keyin ham ikki davlat tibbiyoti ravnaqiga munosib hissa qoʻshish, hamkorlikni rivojlantirish, ilgʻor innovatsiyalarni tatbiq etish va aholiga yuqori darajadagi tibbiy xizmat koʻrsatishga tayyorligini bayon etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati