Sport maktablari faoliyatini tubdan yaxshilash masalalari muhokama qilindi
2025-02-12 15:15:00 / Yangiliklar

Sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, xususiy sport klublari hamda mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan trenerlarning yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullantirish borasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 18 dekabrdagi “Yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Bugun viloyat hokimligida davlatimiz rahbarining mazkur qarori mazmun-mohiyati, viloyatda sportni ommalashtirish, seleksiya va sport ta’limini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, shahar va tumanlardagi sport maktablari faoliyatini tubdan yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uni viloyat hokimi Botir Zaripov olib bordi.
Bilamizki, shahar-tumanlarda ommaviy va professional sportni rivojlantirish hamda sport siyosatini yuritish Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari tomonidan amalga oshirilmoqda. Sport maktablarining faoliyati bolalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini bosqichma-bosqich oshirib borishga yo‘naltirilmoqda. Yuqoridagi qarorga muvofiq, endilikda 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari, shuningdek, erishilgan sport natijalari hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib, sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etilmoqda. Sport maktablarida mavjud shtat birliklari doirasida Sport vazirligi tomonidan belgilanadigan miqdorda ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimi joriy qilinmoqda.
Qarorga binoan har bir ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat ta’lim muassasalari biriktirilmoqda. Ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner o‘ziga biriktirilgan hududda yoshlar yetakchilari hamda jismoniy tarbiya o‘qituvchilari bilan hamkorlikda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari va boshqa ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazib borishga mas’ul hisoblanadi.
Sport maktablarining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerlar bazaviy tarif stavkasiga ustamalar “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlaridagi natijalar hamda sport maktabiga seleksiya qilingan iqtidorli yoshlar sonidan kelib chiqib belgilanmoqda.
Bu borada viloyatimizga daxldor ba’zi ma’lumotlarga to‘xtalsak, ayni kunda viloyatda jami 3 536 ta sport inshooti hamda 31 ta sport ta’lim muassasasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, 16 ta sport maktabi, 4 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, mintaqaviy futbol akademiyasi, bolalar va o‘smirlar futbol maktabi, chavandozlar maktabi, 7 ta olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatini sanab o‘tish mumkin.
Bugungi kunda, mavjud sport inshootlarida viloyatimizning 800 ming (40 foiz) nafardan ortiq aholisi sport bilan shug‘ullanib kelayotgan bo‘lib, sport ta’lim muassasalarida 1 590 nafar trener-murabbiy (506 nafari qizlar) qo‘l ostida 52 ming 244 nafar (18 ming 430 nafari qizlar) sportchi muntazam shug‘ullanmoqda.
Olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish maqsadida sportchilarimizga yaratib berilayotgan shart-sharoit tufayli 2024 yilda Buxoro viloyati sportchilari tomonidan Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan 33-Olimpiada o‘yinlarida 1 ta (Abdumalik Xallakov) hamda 17-Paralimpiada o‘yinlarida ham 1 ta (Sherzod Namozov) jami 2 ta oltin medal qo‘lga kiritildi. Bundan tashqari, o‘tgan yili Osiyo, Jahon chempionati, kuboklari va halqaro nufuzli turnirlarda jami 626 ta medallar jamlanmasi, 260 ta oltin, 129 ta kumush, 237 ta bronza medali jamg'arishga erishilgan.
-Albatta, barcha g‘alaba-yutuqlar o‘zimizniki, buning uchun mehnat qilgan, sportning qattiq nonini tatiganlarga chin dildan minnatdorchilik bildiramiz va bor imkoniyatimiz bilan qullab-quvvatlaymiz. Aytish joizki, bu sohada bajarishimiz lozim bo‘lgan ishlar ham, kamchiliklar ham hali yetarlicha,-dedi Botir Zaripov.
Sportda natijadorlikka erishishda raqobatni ta’minlash ustuvor vazifalardan biridir. Raqobatni oshirish uchun esa albatta seleksiya ishlari muhimligiga qaramasdan, bu borada barcha ta’lim muassasalarda ishlar ko‘ngildagidek emas. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish borasida birorta hudud faoliyati qoniqarli daraja emas. Yuqoridagilandan kelib chiqib, ta’kidlash lozimki, sportchilarni doimiy uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, xalqaro musobaqa va turnirlarda muntazam ishtirokini ta’minlash, malakali trenerlar va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, birinchi navbatda Olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha natijakorlikni oshirish zarur.
Tanqidiy va tahliliy muhokama qilingan kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Adilov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Najmiddinov, Olot tumanidagi olimpiya zahiralariga tayyorlash sport maktabi direktori Rustam To‘rayev axborotlari, taklif-mulohazalari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan sportga mas’ul mutasaddilar zimmasiga soha faoliyatini tubdan yaxshilashga doir qator vazifalar yuklandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








