Yil so'ngida yangi taqdimot
2024-12-23 21:05:00 / Yangiliklar

Xoja Ahmad Yassaviyning "Devoni hikmat" asari asosida teatr bosh rejissyori Laziz Navro‘zov tomonidan insenirovka qilingan va sahnalashtirilgan "Chor darvesh" falsafiy dramasida bu ulug‘ zot faqat yangi tariqat yaratuvchisi sifatida emas, balki turkiy tasavvuf she’riyatining birinchi ijodkori sifatida ham qaytarilmas va unutilmas tarixiy vazifani amalga oshirganligiga urg‘u beriladi.
Turkiy til ham go‘zal, ham qudratli, ham bag‘ri keng tildir. Bu tilda qadim zamonlarda Buddizm va Moniy diniga doir matnlar sharhlangan. Bu tilda yana boshqa dinlarning tushunchalarini ifodalovchi she’rlar yozilgan. Ammo Ahmad Yassaviy o‘z ona tilini birinchi bo‘lib tariqat tili maqomiga ko‘tardi. Shuning uchun uning she’rlaridagi har bir so‘z va har bir ibora islom haqiqatlari qadar muqaddas, nurli va ilohiydir.
Ahmad Yassaviy hikmatlarining har bir satrida olam-olam ma’no bor. "Devoni hikmat"da ilohiy ishq va oshiqlik, ma’rifat va oriflik saodati, fanodan baqoga yetishish tushunchalari nihoyatda samimiy va ta’sirli ohanglarda yoritib berilgan. Yassaviyning g‘oyaviy, axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy va mafkuraviy yo‘nalishi o‘ziga xos. Buni Yassaviy hayoti, tariqati va ijodiyotidan bahs yuritilgan o‘nlab qadimiy manbalar, ayniqsa, Sulton Ahmad Haziniyning "Javohir ul-abror min amvoj il-bihor" asari ham to‘la tasdiqlaydi.
U hikmatlaridan birida "Yuz yigirma beshga kirdim, bilolmadim", deydiki, bu so‘zlar tarixiy haqiqatdan ko‘ra, manoqibiy mazmunga ega. Bundan tashqari, 125 yillik uzoq bir umrning yarmidan ko‘pini "yer osti"da ("Oltmish uchda yer ostiga kirdim mano", deydi Yassaviy) o‘tkazish aql bovar etmas hodisadir.
Rejissyor mana shu ma’noli va hayotiy hikmatlar asosida o‘zi insenirovka qilgan asarda bugungi kun odamlari, ular orasida mehr-oqibatning yo‘qolib, jigarchilik munosabatlarining buzilib borayotgani, shaytonning gapiga kirib, gunoh yo‘lga qadam bosishning ayanchli oqibatlari haqida fikr yuritadi. Va bu gunoh ishlarning hammasi turli obrazlar yordamida sahnada aks ettiriladi. Bir so‘z bilan aytiladigan bo‘lsa, asar hammamizni o‘zimiz va o‘zimiz yashab turgan hayotga yanada teranroq nazar tashlab, o‘zimizni taftish etishga, har bir ishimizni chuqur tahlil qilib ko‘rishga undaydi.
Asar taqdimotida O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi raisining o‘rinbosari Usmon Eratov va va Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy kengash a’zosi Tohir Do‘stmuhammedov, viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yo‘ldosh Genjayev ishtirok etishdi va yangi spektakl xususidagi fikrlarini bildirishdi. Yangi asar soha bilimdonlari tomonidan yuksak baholandi va qabul qilindi. Spektakl ishtirokchilarining kiyimlari haqida ham iliq fikrlar aytildi. Aytilgan kichik kamchiliklar esa premyeragacha to‘g‘rilanishi tayinlandi.
Asarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saodat Gʻulomova, "Do‘stlik" ordeni sovrindori, sahna ustasi Rahim Ergashev, Siroj Vafoyev, Murod Hasanov, Shamshod Ne’matov, Laziz Halimov, Abduvali Mahmudov, Amir Gʻafforov, Suhrob Qurbonov, Dilfuza Jo‘raqulova va boshqalar o‘zlariga topshirilgan rollarni katta mahorat bilan ijro etdilar.
Asar tarbiyaviy ahamiyatga egaligi bilan o‘z tomoshabinlarini topadi, degan umiddamiz.
Mohigul Nazarova,
Viloyat musiqali drama teatri adabiy bo‘limi mudiri






