Romitan: maqsad — issiqxonani serdaromad biznes yoʻnalishiga aylantirish
2024-12-18 10:45:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, turmush tarzi ogʻir kechayotgan, kambagʻal va daromadsiz qolgan oilalarga oʻzlarini tiklab olishlari uchun issiqxona qurib berish, bu borada yoqilgʻisiz isitiladigan, ixcham issiqxonalarni barpo qilish tajribasini qoʻllash ommalashmoqda.
Masalan, hozirda Xitoyning “Jing Peng Guo Ji” masʼuliyatli cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasi har birining baholangan narxi 9 million soʻm miqdorida boʻlgan ikki sotixli ixcham issiqxonalar qurib berish tashabbusi bilan chiqqan. Xorijiy korxona tomonidan ayni paytda Navbahor mahallasidagi Romitan kasb-hunarga oʻqitish markazida tayyor holda topshirish sharti bilan namunaviy shaklda 250 ta ixcham issiqxona qurish ishlariga jadal kirishilgan.
Shuningdek, Romitan tumanida “Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tasarrufida “Muhammad Temur Aslon” MCHJga qarashli issiqxona kabi ayni kunda 155 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan 300 gektarga yaqin yer maydonida issiqxona xoʻjaliklari barpo etilgan boʻlib, ularda mavsumga qarab sarxil sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. Bu issiqxonalarda 2024-2025-yillarda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 70 foizini eksportga yoʻnaltirish, xorijiy bozorlarga chiqarib sotish, toʻla quvvatda faoliyat yuritmayotgan issiqxona xoʻjaliklarini “sogʻlomlashtirish” choralari belgilangan.
Kuni kecha tuman hokimi Umedjon Barnoyev boshchiligida masʼullar, maʼmuriy sektorlar rahbarlari, agrokompleksga daxldor idora va tashkilot mutasaddilari oʻz mahsulotlarini eksport uchun yoʻnaltirish taraddudida boʻlgan, dala maydonlarida issiqxona xoʻjaligi faoliyatini yuritayotgan dehqon mirishkorlar, tadbirkorlik subyektlari bilan yuzma-yuz koʻrishib, ular tashvish-muammolarini, murojaatlarini eshitdilar. Nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish choralari izlandi.
Xoʻjaliklarni manzilli oʻrganishda hosil yetishtirilayotgan hudud, ayniqsa, unda eksportbop pomidor, bodring va boshqa mahsulotlarni saranjomlash, xaridor topish, bozorga chiqarish, ishchi jamoa moddiy manfaatdorligini taʼminlashgacha boʻlgan uzviy jarayon mexanizmiga doir qator tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tomorqachilik madaniyati xususida gap ketganda, bugunga kelib Romitan tumanida qariyb 33 mingta xonadon oʻz tomorqa yeriga ega boʻlib, hozirda ular ixtiyoridagi 3 ming 681 gektarni tashkil etgan tomorqa yerida qishki agrotexnik tadbirlar bilan birga plyonka ostida hosil yetishtirish ishlari borayotgani quvonarli. Bu borada hududdagi 3,5 mingga yaqin xonadonda oʻrtacha 2-5 sotixli issiqxona boʻlib, ulardagi jami 1 ming gektarga yaqin ekin yerida yilning toʻrt faslida sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish tajribasi oshirilmoqda. Zero, issiqxona serdaromad biznes yoʻnalishi hisoblanadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati


