Shofirkon: "Hazor nur" ziyoratgohiga eltuvchi yoʻl obod qilinmoqda
2024-11-19 11:50:00 / Yangiliklar

Mahalliy aholining aytishicha, bu qadamjo oʻrnida azaldan koʻhna mozor, unda mingta qabr, tepalikdagi inson shakliga oʻxshab ketuvchi tosh, oʻsha yerdagi gʻor ichidagi ulkan qabr, “Kampirtepa” tepaligi va undagi ikkiga boʻlingan toshlar ana shu rivoyatdan soʻzlaydi goʻyo. "Hazor nur" deyilishining sababi esa, mingta qabrdan nur taralib turar emish.
Ayni kunda “Hazor nur” qadamjosi katta ziyoratgohga aylangan. Tuman hokimi qabullaridan biriga kelgan Boboqul Usmonov boshchiligidagi nuroniylar mazkur ziyoratgohga olib boruvchi qisqa yoʻlni tekislab, ziyoratga boruvchilarga qulaylik yaratish taklifini bildirishgandi. Ularning aytishicha, bu yoʻlning yaxshilanishi ziyoratchilar uzogʻini yaqin qilib, masofani 50 kilometrgacha qisqartiradi va yoʻlovchilarga yengillik beradi.
Kuni kecha tuman hokimi Alisher Fayzilloyev boshchiligidagi ishchi guruhi oqsoqollardan bir guruhi hamrohligida ziyoratgohga olib boruvchi yoʻlni koʻzdan kechirishib, texnik chora-tadbirlarni belgiladilar. Tadbir avvalida marhumlar haqiga duoi fotiha va qurbonlik qilinib, shu kunning oʻzida qisqa yoʻlni tekislash ishlari boshlandi. Bu yoʻlda tuman yoʻlsozlari ishchi-mutaxassislari, greyder va boshqa texnikalar ishga kirishdi. Darhaqiqat, yoʻlning qisqartirilib, risoladagiday koʻrinishga keltirilishi nafaqat ziyoratchilar vaqtini tejaydi, balki ular sayohatini xavfsiz va qulayligini taʼminlaydi.
“Hazor nur” qadamjosiga boruvchi yoʻlning yaxshilanishi natijasida ziyoratchilar oqimining ortishi kutilmoqda. Bu loyiha nafaqat mahalliy infratuzilmani rivojlantiradi, balki tarixiy maskanlarning yanada keng ommalashishiga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




