Gazli shaharchasida anʼanaviy "Uch avlod uchrashuvi"
2024-11-07 15:15:00 / Yangiliklar

Shuningdek, Romitan tumanidan 160 kilometr uzoqlikda, qoʻshni Xorazm viloyati sarhadi bilan chegaradosh Amudaryo sohilidagi “Qizilravot” mahalla fuqarolar yigʻinida esa 500 dan ortiq aholi asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan tirikchilik qilmoqda. Unda Romitan tumani Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 38-, 39- va 40-sonli umumtaʼlim maktablari xuddi shu choʻlquvarlar mahallasida joylashgan. Ularda 150 dan ortiq oʻgʻil-qiz taʼlim–tarbiya olmoqda. 31-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi ellikka yaqin jajji bolajonni oʻz bagʻriga olgan.
Hududda faoliyat yuritayotgan 3 ta – “Gazli” mahallasidagi 25- va 26-sonli, “Baynalmilal” mahallasidagi 27-sonli maktabgacha taʼlim muassasalarida 360 nafar jajji oʻgʻil-qizga yuzga yaqin tarbiyachi-pedagog biriktirilgan. Shaharcha aholisiga 30 shifo oʻringa ega kasalxona hamda 100 qatnovga moʻljallangan poliklinika, shuningdek, “Qizilravot” poliklinikasi, “Uchqir” feldsherlik punkti tibbiy xizmat koʻrsatmoqda.
Shaharchada millatlararo doʻstlik va totuvlikni, turli millat va elat vakillari oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, milliy madaniyatlar, urf-odat va anʼanalarni saqlash hamda rivojlantirish, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonning tinchliksevar va xalqparvar siyosatini xalqaro miqyosda keng targʻib etish, yosh avlodni vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yoʻlida ibratli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Hududda aholi ijtimoiy muhofazasi doimiy eʼtiborda.
— Kuni kecha Gazli shaharchasidagi 36-sonli umumtaʼlim maktabida hududdagi Gazli, Baynalminal mahallalari va Qizilravot ovulida istiqomat qiluvchi qozoq, turkman, rus, oʻzbek millatlari vakillari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri oʻtkazildi, – deydi viloyat qozoq milliy madaniy markazi raisi Xazna Kolbayeva. — Mahalla vakillari, mehnat faxriylari, har jabhada ibratli faoliyat olib borayotgan yurtdoshlarimiz jam boʻlgan toʻkin dasturxon atrofida ertamiz egalari, oʻquvchilar tomonidan turli millat vakillarining milliy udum va anʼanalari, milliy oʻyinlar hamda liboslar koʻrgazmasi namoyish etildi.
Uchrashuv davomida turli millat vakillarining bayramona chiqishlari, badiiy havaskorlik jamoalari konsert dasturi, shoʻx qoʻshiq, kuy va raqslar davraga zavq-shavq bagʻishladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





